6 sentabr kuni e-auksion platformasida o‘tkazilgan savdoda Piskent tumani hokimi Rahimjon Rixsiyev g‘olib chiqib, Ohangaron tumanidagi salkam 400 gektar yaylovni qariyb 1 trln so‘mga 30 yilga ijaraga olgan olgan edi.

Bu xarid ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga uchraganidan keyin Rixsiyev videomurojaat bilan chiqib, yerni ijaraga olish niyatida bo‘lmagani, onlayn auksion tizimining ishlashini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun tajriba tariqasida shunday qilganini aytgandi.

Toshkent viloyati hokimligi bugun, 3 noyabr kuni bergan rasmiy axborotga ko‘ra, Piskent tuman hokimi o‘z xatti-harakatlari yuzasidan viloyat hokimiga yozma ravishda tushuntirish bergan. Ta’kidlanishicha, Rahimjon Rixsiyev bu auksionda qatnashib, g‘olib bo‘lib tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish niyatida bo‘lmagan; E-auksion tizimidagi ayrim kamchiliklarni aniqlash maqsadida, mustaqil ravishda shunday yo‘l tutgan.

“Unga o‘z faoliyatida duch kelayotgan noaniqlik yoki boshqa muammolarni yuqori turuvchi tashkilotlar, tegishli idoralar bilan birgalikda muzokara, muloqot shaklida, rasmiy kanallar orqali hal etish lozimligi uqtirildi.

Qo‘shimcha qilib aytamizki, ayni paytda auksionda ijaraga qo‘yilgan yerlarning savdosi bo‘yicha yuzaga kelayotgan muammolar, mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘rganishlar boshlangan. Bu haqda keyinroq qo‘shimcha axborot beriladi”, – deyiladi viloyat hokimligi axborotida.

Eslatib o‘tamiz, garchi Rixsiyev o‘z videomurojaatida oldin tadbirkor bo‘lgani, lekin hozir bu ish bilan shug‘ullanmayotganini, qolaversa, chorvachilik u uchun begona soha ekanini aytgan bo‘lsa ham, u mazkur xariddan bir hafta o‘tib yangi agrokorxona ochgani ma’lum bo‘lgandi.

U 13 sentabr kuni Piskent shahrida ro‘yxatdan o‘tkazgan va 100 foiz ta’sischisi o‘zi bo‘lgan “Animals Service” MChJning faoliyat turi sifatida “aralash qishloq xo‘jaligi” ko‘rsatilgan.

Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati Kun.uz'ga "Animals Service" Piskent tumani hokimiga tegishli ekanini tasdiqlab, hokimlarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishini cheklovchi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun hali kuchga kirmaganini bildirgandi.