Jamiyat | 17:22 / 07.11.2022
22157
4 daqiqa o‘qiladi

Shahrixon tuman XTB mudiri direktorlarni haqorat qilgani aks etgan audioxabar tarqaldi

Audioda ayrim maktab direktorlari «haromxo‘rlar» deb haqorat qilinadi.

Andijon viloyatining Shahrixon tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Javlon Mamatqodirov tumandagi ayrim maktab direktorlarini haqorat qilgan. Kun.uz ixtiyoriga yetib kelgan ovozli xabarda «Yashil makon» dasturi doirasida kam ko‘chat ekkan maktablar direktorlari haqorat qilingani eshitiladi.

«Assalomu alaykum, hurmatli direktorlar, ustozlar. Bitta narsaga amin bo‘lyapman va afsuslanyapman-da: ba’zi bir maktab direktorlarimiz shu darajda yolg‘onchi, aferist, haromxo‘r ekanki, u yog‘iga gap topa olmayapman.

Shanba kuni, o‘tgan hafta hamma maktablarda, rahmat, zo‘r tashkil qilganlar bor. Butun boshli bog‘ tashkil qilib qo‘yganlar bor. 100 ta, 200 ta, kamida 50 ta ko‘chat ekkanlar bor. Lekin ba’zi bir haromxo‘r direktorlar, shunaqa deyishga majburman, ba’zi birlarga yomon tegmasin uzr, ustozlar. Lekin shu gaplarni aytishga majburman.

Mana, o‘zim shaxsan yurib aylanib ko‘ryapman. 3 dona ko‘chat ekibdi shanba kuni. 3 dona! Insofsiz, yolg‘on gapirib, haromdan oylik yeb yurgan, ifloslar, 3 dona ko‘chat ekkan maktablar bor. Ba’zi bir umuman ekmagan maktablar ham bor. Hali ularga ham yetib boraman.

Hisob-kitobingizni qiling. Qaysi maktab ekmagan yoki 3 dona, 4 dona «pokazuxa»ga ekib qo‘yib, meni aldamoqchi bo‘lganlar baribir yetib borib, sharmandangizni chiqaraman, aytib qo‘yay.

Bu hafta shanba kuni yana tayyorgarligingizni qiling. Qaysi maktab bo‘lishidan qat’i nazar, «bir dona ko‘chat sig‘adigan joyi yo‘q, qolmadi», deguncha ekasiz. Xohlasangiz, bir haftada tugatib qo‘ying, xohlasangiz 10 haftada tugating. Lekin tugatmaguncha ekasiz», — deyiladi ovozli xabarda.

Ovozli xabar qachon yozib olingani noma’lum. Bundan tashqari, maktab direktori ko‘chatlarni qayerdan olib ekishi kerakligi aytilmagan. Ya’ni ko‘chatlarni direktorlar o‘z yonidan olib ekishi kerakmi yoki ko‘chatlar uchun mablag‘ ajratilganmi?

Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi holat o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda «Shahrixon tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri tomonidan ko‘chat ekish tadbirida faollik ko‘rsatmagan direktorlarni haqorat qilmoqda», sarlavhali xabarlar tarqalgan bo‘lib, holat viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan nazoratga olinganligini ma’lum qilamiz.

Shu o‘rinda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tizimdagi tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlari va viloyatdagi ta’lim muassasalarining birortasiga daraxt ko‘chatlarini xarid qilib, ularni ekish to‘g‘risida topshiriq va ko‘rsatmalar bermaganligini ta’kidlab o‘tamiz. O‘rganish yakunlariga ko‘ra batafsil ma’lumot beriladi», — deyiladi izohda.

Ma’lumot uchun, Javlonbek Mamatqodirov 2022 yil iyunidan buyon tuman XTBga rahbarlik qilib kelmoqda. U muqaddam Shahrixon tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Qayd etish kerakki, bu Andijon viloyati xalq ta’limi bilan bog‘liq g‘alati topshiriqlardan birinchisi emas. Avvalroq, Jalaquduq tumanidagi maktabda «Hokim va o‘quvchilar» uchrashuvida o‘qituvchilardan o‘quvchilari viloyat hokimi savollariga «shukronalik hissi bilan javob berishi», svet-gaz muammosi haqida gapirmasligi so‘ralgan xabar tarqalgandi.

Abduvali Qurbonov, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid