Noyabr oyi boshida «Verstka» nashri annexia qilingan Luhansk oblastining Svatovo rayonida safarbar qilinganlar bataloni katta talafot ko‘rgani haqida xabar berdi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, u yerda besh yuzdan ortiq odam halok bo‘lgan. Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirligi bu ma’lumotni «provokatsiya» va «qurolli kuchlarni obro‘sizlantirish» hamda «Rossiya fuqarolari o‘rtasida salbiy kayfiyat yaratish maqsadida ataylab sizdirilgan dezinformatsiya» deb atadi. BBC Svatovo yaqinidagi jangda qatnashgan harbiylar bilan suhbatlashdi.

2 noyabrga o‘tar kechasi Voronej, Sverdlovsk va Chelyabinsk oblastlaridan safarbar qilingan insonlar, jami 500 kishi, to‘rtta kompaniyaga bo‘linib, annexia qilingan Luhansk oblastidagi Makiyivka posyolkasi tomon yo‘l oladi. Qo‘mondonlik askarlarga ular frontdan 15 kilometr uzoqlikdagi uchinchi mudofaa chizig‘iga yuborilayotganini aytadi.

«Dastlab hech qanday vazifa yo‘q edi, chunki bizni oldinga yuborishganda shtab bilan aloqa ham yo‘q edi», – deydi harbiy xizmatchi Aleksey Agafonov BBC bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, safarbar qilinganlarni ertalabki soat beshlarda o‘rmon belbog‘iga joylashtirishadi va okop qazishni buyurishadi. Vzvodda faqatgina ikki dona belkurak bo‘lgani uchun chuqurni nayza-pichoqlar va qo‘llar bilan qazishga to‘g‘ri keladi. Tong otgach, ularning pozitsiyalari o‘qqa tutiladi.

«Bizni kuchli o‘qqa tutishdi. Kvadrokopterlar uchib o‘tdi, ular shunchaki uchib o‘tdi va ular uchib o‘tgan yerlarga raketa zarbalari berildi», – deydi 28 yoshli Dmitriy Slobodchikov BBC nashriga.

Ular sakkiz soat davomida minomyotlar va «Grad» tizimlari bilan o‘qqa tutilgan. Bu vaqt davomida askarlar amallab qazilgan xandaqlarda yotishgan va kutishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, safarbar qilinganlarda yagona buyruq bor edi – «chekinmanglar va qazinglar».

Otishma paytida Slobodchikov yaralangan safdoshini front ortiga olib o‘tadi, ammo komandirlar yaradorni kasalxonaga jo‘natish kerak yoki yo‘qligi haqida yarim soat o‘ylaydi. Slobodchikov o‘qlar yomg‘iri ostida qolgan quroldoshlari yoniga qaytib ketmoqchi bo‘lganida, polkovnik unga buni taqiqlaydi va «Ular baribir allaqachon o‘likka aylandi», deydi.

Slobodchikov ruxsat olish uchun rota leytenanti yoniga boradi, leytenant unga ruxsat beradi, ammo «men senga hech nima demadim, buyruq bermadim» deb aytadi. Slobodchikov front chizig‘ida qaytadi va o‘z vzvodini 10 kishidan iborat uch guruhga bo‘lib, jangdan olib chiqadi.