Samarqand sammiti doirasida OAV vakillari ishtirokida brifingda ishtirok etgan Ekologiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodov bugun dunyoda insonlar uchun kerakli darajada toza havoni ta’minlash uchun 1,6 milliard gektar o‘rmonzorlar yetishmayotgani, O‘zbekistondagi «Yashil makon» loyihasi bu borada to‘g‘ri tashabbus bo‘lganini ta’kidladi.

Ekoqo‘m raisiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 11 noyabr kuni sammitga a’zo bo‘lgan 5 davlat O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Ozarboyjon, shuningdek, ikki kuzatuvchi davlat Turkmaniston va Vengriya poytaxtlarida ko‘chat ekish marosimi o‘tkaziladi. Sammit mehmoni bo‘lib turgan davlat yetakchilari Samarqanddagi Registon maydonida ko‘chat ekishadi.
Ushbu loyihani faol qo‘llab-quvvatlagan Ozarboyjonda 11 noyabr kuni 111 ming 111 dona ko‘chat ekiladi. Barcha 7 davlat poytaxtida ko‘chat ekish jarayoni Registon maydonida tashkil etilgan ekranda jonli uzatib turiladi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, ayni damda Registonda 7 davlat yetakchilari ekishi uchun manzarali daraxt ko‘chatlari tayyorlab qo‘yilgan.












