07:56 / 11.11.2022
11461

«O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi» esdalik nishoni ta’sis etildi

Konstitutsiya qabul qilingani o‘ttiz yilligi munosabati bilan prezident «O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi» esdalik nishonini ta’sis etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. 

Foto: Norma.uz

Nishon bilan mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, mudofaa qudratini oshirish, davlat sarhadlari daxlsizligini ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni, millatlararo do‘stlik va totuvlikni asrash kabi vazifalarni amalga oshirib kelayotgan barcha soha vakillari, mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda boshqa shaxslar mukofotlanishi mumkin.

Esdalik nishoni bilan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin. Nizom va «O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi» esdalik nishoni tavsifi tasdiqlandi.

Vazirliklar, idoralar, jamoat birlashmalari va boshqa respublika organlari rahbarlariga, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga Konstitutsiya qabul qilingan kun sharafiga joylarda «O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi» esdalik nishonlari tantanali vaziyatda topshirilishini tashkil etish vazifasi yuklatildi.

Esdalik nishonlarini va ular uchun guvohnomalarni tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlar Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Top