Millatlar ligasidagi tajribalar
Tarixda amaldagi jahon chempioni o‘z titulini saqlab qolishi faqat ikki bor kuzatilgan. Italiya — o‘tgan asrning 30-yillarida va buyuk Braziliya — 1958 va 1962 yillarda. Bundan tashqari, amaldagi chempionlar sifatida Argentina 1990 yilda, Braziliya 1998 yilda finalga qadar yetib kelgan.
Bu statistikadan kelib chiqqan holda, Fransiyaning yangi triumfi sodir bo‘lishiga ishonish qiyin. Qatardagi turnirdan keyin o‘rnini Zinedin Zidanga bo‘shatib berishi aytilayotgan Dide Deshamning o‘zi ham yana bir bor bu haqda eslatib o‘tdi: «Eng yuqori saviyadagi turnirda g‘olib chiqish qiyin, titulni saqlab qolish esa bundan ham qiyinroq».
Va bu diplomatlarga xos bo‘lgan navbatchi iboralar emas, balki obektiv reallikni aks ettiradigan gapdir, jamoaning ishlari unchalik joyida emas. Holbuki uchranglilar tarkibi e’lon qilinganida barcha Fransiyaning kuchli hujum chizig‘iga e’tibor qaratgandi. Aniqrog‘i — hujum chizig‘i vakillaridan ikkita teng kuchli uchlik tashkil etish mumkinligiga.
Mbappe, Jiru, Grizmann, Koman, Dembele — bular murabbiylar uchun yoqimli bosh og‘rig‘idir. Ammo bu ro‘yxatda yana ikki familiya bo‘lishi kerak edi. Jamoa mashg‘ulotlarida Nkunku jarohat olib safdan chiqishidan keyin bir amallab uning yo‘qligini bilintirmaslik mumkin edi, ammo Benzemaning yangi jarohati — chinakamiga sport fojiasi bo‘ldi. Milliy jamoadan bir necha yilga chetlatilgani tufayli chempionlik turnirida bo‘lmagan va so‘nggi yillarda ikkinchi yoshligini boshdan kechirib, «Oltin to‘p» sohibi bo‘lgan futbolchi endi jahon chempioni bo‘la olmasligi aniq.

Shunday ekan, muxlislardagi xursandchilik vahimali xavotirga almashdi. Bungacha ham bosh murabbiy o‘rta chiziqdagi muammolarni qanday yopish haqida bosh qotirayotgandi. Chunki endi 2018 yilgi jahon chempionatidagi asosiy figuralar yo‘q — ikki kishi uchun o‘ynay oladigan Kante, universal Matyuidi va doim terma jamoa safida o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini namoyish etadigan Pogba.
Shu bilan birga, bu kutilmagan muammolar emasdi, maydon markazi yangilanishi oldindan ma’lum edi va Desham Millatlar ligasida uch markaziy himoyachidan iborat sxemadan foydalangan holda faol tajribalar o‘tkazdi. Aftidan, bu variant tayanch zonasidagi kamchiliklarni niqoblash variantlaridan biri sifatida sinovdan o‘tkazilgan. Faqat buni muvaffaqiyatli deyish qiyin, shuning uchun, jahon chempionati uchun tarkib e’lon qilinganida, Desham aniq qilib aytdi: terma jamoa himoyachilar kvartetiga qaytadi.

















