Internetdagi turli platformalarda buyragi yoki jigarini sotmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarning e’lonlarini uchratish mumkin. Birgina Telegram messenjerida organini sotish istagida odamlar jamlangan o‘nlab guruhlar bor. Biz ana shunday insonlarning ayrimlari bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik. Ularning iltimoslariga ko‘ra, ism-familiyalari sir saqlanmoqda.

Operatsiya xorijda bo‘larkan...
Mamlakatimizda inson organini ko‘chirib o‘tkazish biznes turiga aylanib qolmasligi uchun ham qonunchiligimizda bir qator cheklovlar o‘rnatilgan. Jumladan, O‘zbekistonda inson a’zolari va to‘qimalarining oldi-sotdisi taqiqlangan, bunday harakatni sodir etganlar, shuningdek, insonni donorlikka majburlaganlar javobgarlikka tortiladi.
Shu sababli ham suhbatdoshlarimizga aloqaga chiqqan xaridorlar jarrohlik amaliyoti boshqa davlatda o‘tkazilishi, u yerga borish xarajatlarini to‘liq ko‘tarishlarini ma’lum qilishgan. Biroq bu jarayonda aldanib qolish ehtimoli yuqori.
— 1,2 mln so‘m oylik olaman. Oilamizning kam-ko‘stini butlash, ro‘zg‘orga yordam bo‘lsin deb bu ishni boshlagandim. Qarz berib turgan qo‘shnim menga pulni foizga berganini aytmagandi. Soddaligimizdan foydalandimi, bilmayman, juda qiyin holatga tushirib qo‘ydi. Foizlar “tug‘ib” qarzimiz ko‘payib ketdi. Uni qaytarish uchun bir necha marta kredit oldik. Na qarzdan qutuldik, na kreditlardan. Bugungi kunda jami qarzimiz 100 million so‘mdan oshiqroq.
Erim bu vaziyatga tushib qolganimizda meni ayblaydi. Alamini ichkilikdan oladi. Orada o‘z joniga qasd qilmoqchi ham bo‘ldi. Shu sababli organimni sotishga qaror qildim. Xatomni to‘g‘rilash, oilamni saqlab qolish uchun.
— Abituriyentligimda bu holga duch keldim. Mardikor bozorida. Ko‘ngling jiz etadi-yu, ishonchsizlik ortga tortadi. Chunki Hindistonga o‘zimiz bilan biron kishini olib borishga ruxsat berishmas ekan. Barcha xarajatlarni to‘lash bilan birga, operatsiyadan 6 oy o‘tgach ham o‘z uyida parvarishlar ekan. Rosti, qo‘rqarkan odam.

















