Vazirlar Mahkamasining "Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish tadbirlarini monitoring qilish, baholash va hisobot shakllarini ishlab chiqish hamda natijalarini chop etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish tadbirlarini monitoring qilish, baholash va hisobot shakllarini ishlab chiqish hamda natijalarni chop etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Axborot texnologiyalari vazirligi bilan birgalikda 2023 yil 1 iyunga qadar yerlar degradatsiyasi, qurg‘oqchilik va cho‘llanishga oid ma’lumotlar, ularga qarshi kurashish tadbirlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar axborot bazasini yaratish maqsadida yer degradatsiyasi geoaxborot tizimi (YerDGAT)ni ishlab chiqadi va amaliyotga joriy qiladi.
Belgilanishicha:
- yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish tadbirlari monitoringini yuritish, baholash va chora-tadbirlarni belgilash maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi, Ekologiya qo‘mitasi, Geologiya qo‘mitasi, Gidrometeorologiya xizmati, Fanlar akademiyasi hamda yirik sanoat korxonalari tomonidan global iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik, cho‘llanish, tabiiy va texnogen xavf mavjud bo‘lgan hududlar, ekologik, gidrogeologik, gidrometeorologik, agrometeorologik va statistik ma’lumotlar hamda hisobotlar Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim qilib boriladi;
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi talabiga muvofiq vazirliklar, davlat boshqaruvida ishtirok etuvchi barcha tashkilot va idoralar, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tabiiy resurslarni qazib oluvchi, qayta ishlovchi yirik sanoat korxonalari tomonidan «yerlar degradatsiyasi, qurg‘oqchilik va cho‘llanish, global iqlim o‘zgarishi»ga doir tezkor hamda arxiv ma’lumotlari, hisobotlar, ularni shakllantirish, tuzish, berish, zarur hollarda tanlangan hududlarda monitoring kuzatuvlarini o‘rnatish, qayta o‘rganish, tadqiqot tadbirlarini o‘tkazish beg‘araz amalga oshiriladi;
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi yerlar degradatsiyasi oldini olish va salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar ishlab chiqadi hamda aloqador korxona, muassasa, tashkilotlar rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslarga ijro uchun yuboradi;
- davlat va nodavlat, xalqaro tashkilotlarga respublika hududi bo‘yicha yerlar degradatsiyasi, qurg‘oqchilik va cho‘llanishga oid ma’lumotlar, ularga qarshi kurashish tadbirlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi YerDGAT tizimi orqali taqdim etiladi;







