Bugun, 6 dekabr kuni Qatarda nimchorak final bahslariga yakun yasaladi va chorakfinalning to‘rtinchi juftligi ham aniqlanadi.

Marokash — Ispaniya (Toshkent vaqti bilan soat 20:00)

Kanada darvozasiga urilgan golni nishonlayotgan marokashlik futbolchilar. Foto: Global Look Press

To‘rt yil muqaddam Marokash Ispaniyani pley-offdan olib qolishi mumkin edi, ammo Yago Aspas 91-daqiqada hisobni tenglashtiradi va jamoa guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqadi. O‘shanda nimchorak finalda Ispaniya Rossiyaga mag‘lub bo‘lgandi. Bu safar ispanlar yana 1/8 final taqdirini xavf ostiga qo‘yishdi, ammo to‘plar nisbatiga ko‘ra Germaniyadan yuqorida joylashishdi va ikkinchi o‘rin bilan guruhdan chiqishdi.

Marokashliklar 2018 yilgi jahon chempionatining ikki sovrindori — Belgiya va Xorvatiya, shuningdek turnir kashfiyotlaridan biri bo‘lishi kutilgan Kanada bilan bir guruhda 7 ochko jamg‘ardi. Turnir startiga uch oy qolganida bosh murabbiyni almashtirgan afrikaliklardan bunday natijani deyarli hech kim kutmagandi. Lekin sobiq bosh murabbiy Valid Xalilxojich bilan ziddiyati bo‘lgan «Chelsi» vingeri Hakim Ziyoshning safga qaytishi jamoa foydasiga bo‘ldi.

Valid Regragiy bilan Ziyoshda hech qanday muammo yo‘q. 47 yoshli mutaxassis barchaga futbolchini maqtagan, nafaqat futbolchilik qobiliyatlari uchun, balki fidokorligi, shuningdek murabbiy va jamoadoshlariga sodiqligi uchun ham. Qisqa muddatli turnirlarda kiyim almashtirish xonasida bunday muhit bo‘lishi sensatsiyalarga olib keladi — jumladan Ispaniyani ham yengish mumkin.

Luis Enrike jamoasi ham guruhda zeriktirmadi. Kosta-Rika tor-mor etilgach (7:0), Ispaniya Germaniyani yengishi mumkin edi, ammo o‘yin oxirida gol o‘tkazib yuborildi. Shundan keyin Yaponiyaga yutqazmaslik talab etilardi, qolaversa Alvaro Morata birinchi bo‘lim boshidayoq hisobni ochgandi.

Alvaro Morata. Foto: Global Look Press

O‘yinning ikkinchi bo‘limida ro‘y bergan voqealarni mantiqiy izohlash oson emas, bu voqealar ispanlarning o‘zi tomonidan sahnalashtirilgani haqida ham fikrlar yangradi. Gap shundaki, ispanlar ikkinchi o‘rin bilan chiqish orqali, chorak finalda Braziliya bilan to‘qnashuv ehtimolidan qochib qolishdi, ammo jamoa so‘nggi tur yakunlariga ko‘ra guruhda qolib ketishi ham hech gap emasdi. Ammo parallel uchrashuvda nemislar oxirigacha kurashib, Kosta-Rikani yengib berishdi (4:2) va ispanlar uchun eng qulay vaziyat yuzaga keldi.