Ortiqboyevningso‘zlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi doirasida bir qator hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. Xususan, ikki davlat rahbarlari chegara to‘g‘risidagi bitimlarni almashadi.
O‘zbekiston prezidenti 30 noyabr kuni O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasi alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma hamda Andijon (Kampirobod) suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilishga oid qonunlarni imzoladi. Xuddi shunday qonunlarni Qirg‘iziston tarafidan prezident Sadir Japarov 29 noyabrda imzoladi.
O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma 13 ta moddadan iborat. Unda o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasi 35 ta uchastkadagi umumiy uzunligi 302,29 km bo‘lgan chizig‘i belgilandi.
O‘zbekistonga 4957 gektardagi Andijon suv ombori hududi hamda to‘g‘onga xizmat ko‘rsatish va uni muhofaza qilish uchun qo‘shimcha 19,5 gektar yer maydoni o‘tkaziladi, Qirg‘izistonga esa kompensatsiya tarzida 1019 gektar yaylov yerlari beriladi.
Bu kelishuvlar natijasida ikki davlat o‘rtasida chegara bo‘yicha hech qanday kelishmovchilikka o‘rin qolmasligi ma’lum qilingan.











