Jahon | 13:53 / 09.12.2022
7893
2 daqiqa o‘qiladi

Peruning hibsga olingan prezidenti Meksikadan boshpana so‘radi

Mexikodagi Tashqi ishlar vazirligi Peru hukumati bilan Pedro Kastiloning taqdiri yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. U parlament tomonidan «ma’naviy qobiliyatsizligi» uchun hokimiyatdan chetlashtirildi va keyin hibsga olindi.

Foto: AFP

Peruda hokimiyatdan ag‘darilgan mamlakat prezidenti Pedro Kastilo Meksikadan siyosiy boshpana so‘radi. Bu haqda 9 dekabr, juma kuni Mexikodagi Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi. Meksika Tashqi ishlar vazirligi idora Peru hukumati bilan aloqa o‘rnatganini ta’kidladi. Mexiko Kastilo, shubhasiz, «siyosiy xarakterga ega bo‘lgan adliya organlarining asossiz ta’qiblari» qurboni bo‘lgan degan fikrni bildirdi.

Pedro Kastilo 7 dekabr kuni Peru parlamenti tomonidan «ma’naviy qobiliyatsizligi» uchun prezidentlikdan chetlashtirildi va keyinroq hibsga olindi. Peru Oliy sudi kuni kecha Kastilo yetti kunlik muddatga tergov izolyatoriga joylashtirilganini e’lon qildi.

Meksikaning Limadagi elchisi politsiya bo‘limlaridan birida Pedro Kastilo bilan aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘lganini aytdi. Meksikalik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Kastilo o‘zini yaxshi his qilmoqda. Avvalroq Meksika prezidenti Manuel Lopes Obrador Pedro Kastilo Peruning «iqtisodiy va siyosiy elitasi qurboni» bo‘lganini aytgandi. Obrador ham, Kastilo ham so‘l siyosiy kuchlar vakillari hisoblanadi.

Kastilo prezidentlikdan chetlashtirilgach, uning o‘rinbosari Dina Boluarte davlat rahbari vazifasini bajaruvchi bo‘ldi.

Mavzuga oid