Sovuq harorat fonida gaz va elektr tanqisligi muammosi davom etarkan, O‘zbekiston Turkmanistonning “Turkmanenergo” korporatsiyasidan import amaliyotini sutkalik 17-18 mln kVt-soatdan 20-21 mln kVt-soatga oshirdi.

Bu haqda bugun, 9 dekabr kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi ma’lum qildi. Rasmiy axborotda import qaysi sanadan boshlab oshirilganiga aniqlik kiritilmagan.

Vazirlikning boshqa bir xabariga ko‘ra, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida Ai-80 markali benzinning sutkalik ishlab chiqarish hajmi 850 tonnadan 1000 tonnaga, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi esa 30 tonnadan 50 tonnaga oshirilmoqda.

Ayni paytda, “O‘zbekneftgaz”ning benzin shoxobchalari tarmog‘i – UNG Petro Toshkentdagi shoxobchalarning ayrimlaridagi 9 dekabr kungi narxlar haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, poytaxtda Ai-80 benzini 6800 so‘mdan 7500 so‘mgacha, Ai-92 9500 so‘mdan 12 500 so‘mgacha, Ai-95 10 500 so‘mdan 14 000 so‘mgacha chakana narxlarda sotilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 7 dekabr kuni Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov o‘tkazgan yig‘ilishda gaz, elektr, ko‘mir va mazut importi bo‘yicha muzokaralarni faollashtirish haqida so‘z borgan edi.

Yig‘ilishda birja sotuvlariga qo‘yilayotgan Ai-80 benzinining kunlik hajmi oshirilishi, bu markali benzin importi va chakana realizatsiyasi aksiz solig‘idan vaqtincha ozod etilishi, birjada Ai-80 benzini savdosiga vositachi kompaniyalarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligi, suyultirilgan gaz eksporti to‘liq to‘xtatilishi ham ma’lum qilingandi.

Oktyabr oyida, prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifi chog‘ida yiliga 4 mlrd kVt-soat elektr energiyasi sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi.