Jahon | 14:57 / 12.12.2022
9400
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyani San-Fransiskodagi APEC sammitiga taklif qilmoqchi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin San-Fransiskoda bo‘lib o‘tadigan APEC sammitiga taklif qilinadi, dedi rasmiy Vashington vakili. Rossiya vakillari tashkilotning AQShdagi yig‘ilishlarida qatnashishi mumkin.

Foto: APEC 

Rossiya 2023 yilda AQShda bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik (Asia-Pacific Economic Cooperation, APEC) blokining yig‘ilishlariga taklif qilinadi. Bu haqda 12 dekabr, dushanba kuni AQSh ma’muriyatining APEC'dagi rasmiy vakili Mett Myurrey Singapurdagi brifingda ma’lum qildi.

Biroq u Rossiya prezidenti Vladimir Putinning San-Fransiskodagi APEC sammitida ishtirok etishi yoki etmasligi borasida aniq javob aytmadi.

Rossiya 21 davlatni o‘z ichiga olgan APEC a’zosi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida Moskva va Vashington hamda boshqa G‘arb davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi, ular Rossiya tajovuziga javoban misli ko‘rilmagan sanksiyalar kiritdi. Ukrainadagi urush boshqa ko‘plab davlatlar, xususan Singapur tomonidan ham qoralangan va mamlakat jazo choralarini joriy qilgan.

Noyabr oyida Tailandda bo‘lib o‘tgan APEC sammitida Putin nomidan Rossiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Andrey Belousov ishtirok etgan edi. Noyabr oyida Balida bo‘lib o‘tgan G20 sammitida ham Rossiya prezidenti Indoneziyadan g‘arb hukumatlari bosimiga qarshi chiqqan holda yuborilgan tashrif taklifiga qaramay qatnashmadi. Har ikki uchrashuv ishtirokchilari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qoraladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid