O‘zbekiston | 18:15 / 15.12.2022
15505
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston aholisi o‘sishi – infografikalarda

Oxirgi 15 oy ichida O‘zbekiston aholisi 1 millionga ko‘paydi. 8 dekabr kuni o‘ttiz olti millioninchi o‘zbekistonlik dunyoga keldi. Kun.uz shu munosabat bilan aholi o‘sishiga oid ayrim qiziqarli statistik ma’lumotlarni infografikalarga joyladi.

Davlat statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil 8 dekabr holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 36 millionga yetdi.

Kun.uz Statqo‘m ma’lumotlari asosida O‘zbekiston aholisining o‘sishiga doir ba’zi raqamlarni infografikalarda aks ettirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2001–2007 yillarda O‘zbekiston aholisi yiliga 500 mingga ko‘paygan. 2007–2013 yillarda esa aholi soni yiliga 600 mingdan ko‘proqqa o‘sib borgan.

2014–2018 yillar oralig‘ida O‘zbekiston nufusning yiliga 700 mingga o‘sishini boshdan kechirgan bo‘lsa, 2019 yildan keyin o‘sish yanada tezlashgan. 2019–2020 yillarda aholi soni yiliga 800 mingdan ko‘proqqa, 2021 yilda esa birinchi marta 900 ming nafarga ko‘paygan.

1920 yilda O‘zbekiston aholisi 4,4 mln bo‘lgan. 100 yil ichida aholi soni 8 barobar o‘sgan.

Dekadalar hisobida qaraganda, faqat 50-yillardagina aholi soni kamaygan. Katta ehtimol bilan bu II jahon urushi bilan bog‘liq.

Hududlar kesimida eng ko‘p tug‘ilish 20 yil oldin ham, hozir ham Samarqand viloyatiga to‘g‘ri kelyapti.

2000 yilda tug‘ilgan chaqaloqlarning 48,6 foizi qiz bola bo‘lgan bo‘lsa, 20 yil davomida bu ko‘rsatkich 46,6 foizga tushgan.

Yillik o‘lim ko‘rsatkichi 2015 yilda 150 mingdan oshgan.

20 yil davomida kuzatilgan o‘lim statistikasida 2020 yil, Covid-19 pandemiyasi davri rekord o‘rnatgan. 2020 yilda ro‘y bergan o‘limlar soni 2019 yilga qaraganda 14 foizga ko‘p.

2021 yilda o‘lim ko‘rsatkichi biroz pasaygan, lekin 2019 yildagiga nisbatan 13 foiz baland bo‘lgan.

World Data ma’lumotlarida O‘zbekistonning o‘rtacha aholisi 34,9 million deb ko‘rsatilgan.

Xalqaro statistikada aks etgan raqamlar rasmiy statistikadan farq qiladi. Bu O‘zbekiston statistika qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan demografiyaga oid 2021 yilgi ma’lumotlarga yaqin.

Umumiy qaralsa, Markaziy Osiyo aholisining 46 foizi O‘zbekistonda yashaydi.

Hududining kattaligi bo‘yicha dunyoda 56-o‘rinda turuvchi O‘zbekiston aholisi ko‘pligi bo‘yicha 41-o‘rinni egallab turibdi.

Madina Ochilova tayyorladi.

Mavzuga oid