XX-asrda dunyoning ikkita qutbini boshqargan AQSh va SSSR bir-biriga qarshi nafaqat oshkora, balki pinhona jiddiy kurash olib borgan. Har ikki davlatning maxsus xizmatlari qarshi tomonning ayg‘oqchilarini yo‘ldan urib, o‘zi tomonga og‘dirishga harakat qilgan.

Bunda AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) josuslaridan ko‘ra, KGB xodimlarini sotib olish osonroq bo‘lgan. Shu sababli ham o‘tgan asrning 60-70-yillarida KGBning ko‘plab xodimlari G‘arb davlatlaridan, jumladan AQShdan siyosiy boshpana so‘ragan va o‘sha yoqqa ko‘chib o‘tgan.

Sovet josuslari G‘arbga qochib o‘tar ekan, o‘zi bilgan juda ko‘plab muhim ma’lumotlarni raqiblarga «sotardi». Bunday holatlarda KGB oshkor bo‘lgan josuslarini G‘arbdan tezda evakuatsiya qilar va ularning o‘rniga boshqalarini yuborardi.

KGB josusi Oleg Lyalinning Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana so‘rashi ham shunday yakun topgandi. Uning Britaniya razvedka xizmati MI-5 bilan hamkorlik boshlashi ortidan KGB bu davlatdagi barcha josuslarini olib chiqishga majbur bo‘lgandi.

Oleg Lyalin haqida

Oleg Lyalin 1937 yilda Stavropol o‘lkasida tug‘ilgan. U maktabni bitirgach Odessadagi savdo flotlari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan dengiz akademiyasiga o‘qishga kiradi.

Akademiyada o‘quvchilarga bir nechta xorijiy tillar chuqur o‘rgatilardi. Muassasa KGB nazoratida bo‘lib, uning bitiruvchilari orasidan josuslikka xodimlar tanlab olinardi.

Akademiyani bitirish yilida Lyalin ham KGB xodimlari e’tiboriga tushadi. Uni KGBning maxsus maktabiga taklif etishadi. U yerda Lyalin G‘arbdan Odessa portiga kelayotgan dengizchilar, kontrabandachilar haqida ma’lumot yig‘ish bilan shug‘ullanadi.

KGBning bir necha bosqichdan iborat kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan Lyalin davlat xavfsizlik qo‘mitasining xodimi sifatida ishga qabul qilinadi.

O‘sha paytda Lyalinga o‘xshagan bir nechta tilni mukammal o‘zlashtirgan xodimlar xorijiy mamlakatlarda josuslik qilishlari uchun KGBga suv va havoday zarur edi.

Shu sababli o‘tgan asrning 60-yillarida Lyalin SSSRning Buyuk Britaniyadagi savdo uyi xodimi niqobi ostida Londonga josus sifatida yuboriladi.