XVJ Germaniyani tezkor modernizatsiya zarurligi haqida ogohlantirdi
Iqtisodiyotning ko‘plab asosiy sohalaridagi jiddiy bo‘shliqni yopish uchun Germaniyaga katta investitsiya dasturi kerak.
Germaniyaga ko‘plab sohalardagi bo‘shliqni bartaraf etish va biznes uchun jozibador davlatga aylanish uchun katta davlat investitsiya dasturi kerak, dedi Xalqaro valuta jamg‘armasining (XVJ) Yevropa departamenti direktori Alfred Kammer yakshanba, 18 dekabr kuni Der Spiegel jurnaliga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, XVJ Germaniyaning energiya, infratuzilma, malakali ishchi kuchi yoki raqamlashtirish borasidagi muhim muammolaridan xavotirda. «Germaniya hamma joyda orqada qoldi», dedi Kammer.
Germaniyada «shubhasiz jiddiy dolzarb muammolar» bor va o‘zgaruvchan globallashuv mamlakatga ayniqsa ta’sir ko‘rsatdi, dedi u. Kammer keng polosali ulanishni kengaytirish, raqamli boshqaruv va energiya suverenitetiga erishishni ustuvor yo‘nalishlar deb belgiladi. Shuningdek, tezyurar poyezdlar, avtomagistrallar va portlarning ishlashiga, odamlarga faoliyatini tezroq va moslashuvchan tarzda o‘zgartirish imkonini beruvchi ta’lim dasturiga e’tibor qaratish mantiqan to‘g‘ri ekani aytildi.
Bundan tashqari, «albatta, iqlimni himoya qilish uchun ko‘proq harakat qilish kerak», dedi Kammer va hozirgi inqirozni «Germaniyadagi yangi, yashil iqtisodiyot uchun uyg‘otuvchi qo‘ng‘iroq» deb atadi. Shu bilan birga, u Germaniyaning ustunligini, uning davlat budjeti boshqa ko‘plab mamlakatlarga qaraganda «hali ham yaxshi moliyaviy ahvolda» ekanligini ta’kidladi.
Der Spiegel tomonidan so‘ralgan boshqa iqtisodchilar ham Kammer fikriga qo‘shilgan. «Deyarli barcha sohalarda tuzilmaviy o‘zgarishlar zarur», — dedi Germaniya Iqtisodiy tadqiqotlar instituti (DIW) rahbari Marsel Fratssher. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha yil ichida emas, balki hozirda katta hajmdagi qo‘shimcha sarmoyalar kerak.
Halledagi Leybnits nomidagi Iqtisodiy tahlil instituti iqtisodchisi Oliver Xoltemyoler raqamlashtirishdagi jiddiy kamchiliklarni qayd etdi. Bu masala bo‘yicha Germaniya «xalqaro miqyosda faqat o‘rtada». Misol tariqasida Xoltemyoler XVJ hanuzgacha federal vazirliklardan fakslar olishini ta’kidladi.
Mavzuga oid
17:38 / 04.11.2024
Germaniyada Alisher Usmonovga nisbatan tergov to‘xtatildi
21:37 / 31.10.2024
Germaniyada Eronning barcha bosh konsulliklari yopiladi
15:50 / 31.10.2024
Germaniya kansleri Eronni Isroil zarbalaridan so‘ng «vaziyatni keskinlashtirmaslikka» chaqirdi
13:10 / 31.10.2024