Markaziy Saylov komissiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning vakolatlarini muddatdan oldin tugatish masalasini ko‘rib chiqdi. Komissiya a’zolari bir ovozdan uning mandatini tugatishni qo‘llab-quvvatladi.
Avvalroq, Rasul Kusherbayev o‘z Telegram-kanalida mandatini topshirmoqchi ekani haqida yozgandi.
«Deputatlik faoliyatimni yakunlashga qaror qildim. Bunday ishlay olmas ekanman. Bunga majbur bo‘lganimdan afsusdaman. Ishonch bildirgan, qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat! Rozing bo‘linglar! Nasib qilsa qolganini vaqt ko‘rsatadi. Alloh madadkor bo‘lsin!» - degandi deputat.
Rasul Kusherbayevning bunday qarorga kelishiga Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatov unga budjet loyihasi muhokamalarida ochiqchasiga so‘z bermagani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.







