Beriyaning lavozimlari ko‘p edi. Biz faqat eng muhimlari va ittifoq miqyosidagilarini sanab o‘tamiz: 1941 yildan boshlab Xalq komissarlari soveti (NKVD) raisi o‘rinbosari, (1946 yildan ministrlar sovetiga o‘zgargan va uning raisi I.V.Stalin edi), 1953 yilda, Stalin o‘limidan so‘ng SSSR ministrlar soveti raisi Malenkovning birinchi o‘rinbosari va bu bilan bir paytda ichki ishlar ministri. 1941-1945 yillarda Davlat mudofaa qo‘mitasi a’zosi, qo‘mita raisi o‘rinbosari. Oliy sovetning 1-3-chaqiriqlari deputati, KPSS markaziy qo‘mitasi a’zosi, politbyuroga nomzod va a’zo, Sotsialistik mehnat qahramoni, Sovet ittifoqi marshali...

Ammo bularning hammasi uning norasmiy maqomi oldida hech gap emasdi. Stalinning eng yaqin tarafdorlaridan biri bo‘lgan Beriya ittifoqning barcha kuchishlatar tuzilmalari, qurolli kuchlari, armiya va qurollanish tizimini boshqarardi. Bugungi kun ta’biri bilan aytganda u Mudofaa, Ichki ishlar, Milliy gvardiya, tashqi va ichki razvedka, KGB kabi qo‘lida qurol ushlashi mumkin bo‘lgan barcha sohalarni o‘z qo‘liga olgandi. Stalin unga eng murakkab vazifalarni topshirar, u esa sadoqat va sovuqqonlik bilan bajarardi. Ikkinchi jahon urushi yakunidan keyingi davrlardagi eng katta loyiha – SSSR atom bombasi va raketa texnikalari dasturining tamal toshini ham aynan Lavrentiy Beriya qo‘ygandi.

Bolalik

Asl ism-sharifi Lavrenti Pavles dze Beria bo‘lgan qahramonimiz 1899 yilda hozirgi Gruziyadagi Kutaisi guberniyasidagi Merxeuli hududida tug‘ilgan. Uning onasi Marta Jakelining eri erta qazo qiladi va ayol o‘g‘li va ikki qizi bilan qolib ketadi. Ikkinchi turmushini Pavel Beriya bilan qurgan ayol yana uch farzand ko‘radi. Ammo bir o‘g‘il ikki yoshida vafot etadi, qizaloq kasallik tufayli kar va gung bo‘lib qoladi. Bu turmushdagi yagona sog‘lom bola Lavrentiy yoshligidan ana shunday og‘ir muhitda o‘sgan bo‘lsa-da, o‘zining kuchli aqliy qobiliyatini namoyon etadi. Buni payqagan ota-ona uylarining yarmini sotib, Suxumi bilim yurtida tahsil oluvchi o‘g‘illarining ta’limi uchun sarflashadi.

Bilim yurtini tugatgan Lavrentiy Bokuga ketadi va mexanika-texnika bilim yurtida o‘qishini davom ettiradi. 17 yoshida Nobellarning Bokudagi zavodiga ishga kirgan Lavrentiy onasi va gung singlisini ham o‘z qaramog‘iga oladi.

Beriya partiya xizmatida

Undagi inqilobiy qarashlar aynan mana shu yoshda boshlangan. 1916 yilda yashirin marksistik to‘garak ishtirokchisi bo‘lib yozilgan Lavrentiy tez orada uning g‘aznachisi etib tayinlanadi. 1917 yildan boshlab to‘laqonli bolshevikka aylangan Beriya qator janglarda qatnashadi. Tez orada u kontrrazvedka tizimiga ishga o‘tadi va 1919-1920 yillarda Qizil Armiyani zarur ma’lumotlar bilan ta’minlab turadi. Qizig‘i, aynan mana shu faoliyati uning otuvga hukm qilinishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.