O‘zbekiston | 18:24 / 29.12.2022
15537
4 daqiqa o‘qiladi

«Dars soatlari qayta ko‘rib chiqilishi yaxshi bo‘ldi» – prezident bilan uchrashgan o‘qituvchi

Xalqaro kongress markazida ta’lim sifatini oshirish va yangi avlod darsliklarini joriy etishga bag‘ishlangan ko‘rgazma-taqdimot bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashgan pedagoglar prezident bilan uchrashuv haqida o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

29 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markazida ta’lim sifatini oshirish va yangi avlod darsliklarini joriy etishga bag‘ishlangan ko‘rgazma-taqdimot bilan tanishdi. Tadbir davomida prezident ilg‘or pedagoglar bilan uchrashib, ularning takliflarini tinglagan. Yangi o‘quv darsliklari namoyishida qatnashgan o‘qituvchilar taqdim etilgan darsliklarning qanday afzalligi borligi haqida kuzatishlari haqida ham gapirib berishdi.

Mirzo Ulug‘bek tumani 142-maktabning biologiya o‘qituvchisi Gulasal Mavlonova yangi darsliklarda Xalqaro olimpiadada tushadigan savollar mavzusi ham bo‘lishiga to‘xtaldi:

– Darsliklarimiz haqiqatan hayotga tayyorlaydigan bo‘lib chiqyapti. Xalqaro olimpiada haqida men gapirgandim. Xalqaro olimpiada savollarida bizning milliy dasturimizga to‘g‘ri kelmaydigan, bizda o‘tilmaydigan, oliy ta’limning mavzulari so‘raladi. Ana shu narsaga keyingi avlod darsliklari javob beradi.

Chilonzor tumanidagi 178-maktab o‘qituvchisi Ra’no Tojiboyeva dars soatlari qayta taqsimot qilinishini qo‘llab-quvvatladi:

– Tadbirda berilgan 2ta taklif bizning maktabimizda bor. Faqat dars soatlarini ko‘rib chiqamiz deyishdi. Shu gap juda yaxshi bo‘ldi. Ayrim fanlar hisobiga chet tili soatlari ko‘payadi. 10-sinfgacha har bitta maktabdagi bola 2ta tilni bilib chiqadi. Bizning maktabda fransuz, nemis tillari 2-til sifatida o‘rgatiladi, faqat 1 soatdan. Agar soati ko‘paysa, 2ta tilni ham o‘rgana oladi. Qolaversa, bola bitta tilni o‘rgansa, 2-tilni o‘rganishi ham oson bo‘ladi.

Chilonzor tumanidagi 178-maktabning tarix fani o‘qituvchisi Dilorom Chorshanbiyevna yuqori sinf darsliklarini ham tizimli yangilashga ehtiyoj borligini aytgan:

1-sinfdan 5-sinfgacha darslar o‘zgarishi 2023-2024 yil bilan bog‘liq. Men 7-sinflarga darsga kiraman. 7-sinflarda O‘zbekiston va jahon tarixlari juda ham chiroyli, illyustratsiyalar bilan boyitilgan. O‘qituvchilarning e’tiborini tortdi. Tarix fani darsliklari ham islohotga muhtoj. Hozir boshlang‘ich ta’limdagi darsliklar bilan ko‘rgazmani aylanib chiqdik. Yuqori sinf darsliklarini ham shunday tizimli yangilashsa, juda yaxshi bo‘lar edi.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 49-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Umida Ismoilova boshlang‘ich sinf darsliklarining yangi nashrida bolalarni zeriktirmaydigan tasvirlar borligi uning e’tiborini tortganini aytdi:

– 49-maktabda 1996 yildan beri boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiman. Hozirgi kelayotgan o‘quvchilar aqlliroq va texnikaga bizdan ko‘ra ko‘proq tushunadi. Oldingi darsliklar hozirgi davr bolalari uchun zerikarli bo‘lib qolgandi. Zamonga mos emas. Hozirgi chiqayotgan kitoblarda 4D tasvirlar, har xil audiomatnlar bor va darslik talab darajasida deb o‘ylayman. Oldingi kitobni qaraydigan bo‘lsangiz, 1 kitobni 5-6 yil tutishardi. Oqibatda kitoblar ahvoli yaxshi bo‘lmasdi. Yangi darsliklarda bolalarni qiziqtiradigan savollar ko‘p.

Mavzuga oid