Narx chegarasi bo‘yicha shartnomaga qo‘shilgan davlatlarga neft sotishga taqiq 2023 yil 1 fevraldan kuchga kiradi. Putinnin farmonida Rossiya neft yetkazib berishni to‘xtatuvchi davlatlar ro‘yxati yo‘q. Qolaversa, Putin alohida bandda ushbu farmonni chetlab o‘tish uchun maxsus ruxsatnoma berish huquqini o‘zida saqlab qolgan.

2 dekabr kuni G7 davlatlari va ularning ittifoqchilari Rossiya neftining maksimal narxi chegarasini rasman tasdiqladi. Ushbu kelishuv Yevropa Ittifoqi eng yuqori narx 60 dollar bo‘lishiga rozilik bildirilgandan so‘ng darhol imzolandi.

«Bu qaror Rossiya Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushdan foyda ko‘rishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qabul qilingan», deyiladi bayonotda. Biroq ayni paytda «jahon energiya bozorlari barqarorligini qo‘llab-quvvatlash» va Rossiya bosqinining «salbiy iqtisodiy oqibatlarini minimallashtirish» ko‘zlangani ham qo‘shimcha qilingan.

Mavhum javob chorasi

Vladimir Putinning Rossiya neftiga maksimal narx joriy etishga javob berish to‘g‘risidagi farmoni iloji boricha umumiy tarzda yozilgan. Farmonda bu cheklov qanday ishlashi va umuman ishlashi aniq ko‘rsatilmagan. Hujjat neft yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarda neft narxining yuqori chegarasi mexanizmi to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita nazarda tutilgan» bo‘lsa neft va neft mahsulotlarini yakuniy xaridorga yetkazib berishni taqiqlaydi. Rossiya rasmiylari xaridor bilvosita cheklovlarga rioya qilayotganini qanday bilishi yoki tushunishi noma’lum.

Rossiya uning nefti narxiga maksimal qiymat belgilanishiga javob tayyorlayotgani haqidagi xabarlar OAVda dekabr oyi boshidan tarqalgandi. Va xabarlardan bu javob chorasida nimadir noto‘g‘ri ekani ma’lum bo‘ldi.

Dekabr oyi boshida Bloomberg o‘z manbalariga tayanib, ikkita aniq chora haqida yozdi. Birinchisi, rasmiylar Rossiya neftining minimal narxini belgilamoqchi edi. Ya’ni neftni ushbu narxdan arzon sotish taqiqlanadi. Ikkinchidan, maksimal chegirmani belgilash imkoniyati muhokama qilingan. Ya’ni Rossiya nefti Brent va boshqa xalqaro neft navlaridan qanchalik arzon bo‘lishi mumkinligi. Bunday choralar, nazariy jihatdan, haqiqatan ham sanksiyalarga qo‘shilgan davlatlarga neft yetkazib berishni cheklashi mumkin edi.

Bloomberg maqolasidan taxminan bir hafta o‘tgach, «Vedomosti» nashri yanada yumshoqroq versiyalar haqida yozdi. Unga ko‘ra, birinchi versiyada, neftni maksimal narx shartnomasiga «rasmiy ravishda qo‘shilgan» mamlakatlarga yetkazib berishni taqiqlash ko‘zda tutilgan. Ikkinchi versiyada esa agar shartnomada yetkazib berishda bir barrel uchun 60 dollar narx ko‘rsatilgan bo‘lsa, yetkazib berishni taqiqlash rejalashtirilgan. Ammo hozirgi farmonda bunday aniq choralar yozilmagan.