O‘zbekiston | 12:51 / 03.01.2023
5042
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston IHT huquqni muhofaza qiluvchi idoralari rahbarlari 1-yig‘ilishida ishtirok etdi

Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralari rahbarlari birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Yig‘ilishga Saudiya Arabistoni Nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Mazin bin Ibrohim bin Muhammad al-Kahmus raislik qildi. U o‘z nutqida ushbu yig‘ilish IHTning korrupsiyaga, jinoiy daromadlarni legallashtirish va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida hamkorlikni faollashtirish maqsadida o‘tkazilayotganini ta’kidladi. Muhammad al-Kahmusning aytishicha, ushbu yig‘ilish doirasida  «Makka konvensiyasining« qabul qilinishi musulmon davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishga va mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbirda tashkilotga a’zo davlatlar vakillari so‘zga chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash doirasida ushbu yig‘ilishning ahamiyatini qayd etishgani barobarida, «Makka konvensiyasi» o‘zaro hamkorlikning huquqiy asosini yaratib berishini ta’kidladi.

Tadbir doirasida «Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasidagi hamkorlik» va «IHT a’zo davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish qonunlari ijrosini ta’minlash yo‘lida Makka konvensiyasining qabul qilinishi» mavzularida seminarlar ham tashkil etildi.

Ishtirokchilar «IHT a’zo davlatlari Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha huquqni muhofaza qilish tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Makka konvensiyasi» loyihasini ma’qulladi. Hujjatni qabul qilish uchun IHT TIV kengashi navbatdagi yig‘ilishiga taqdim etish tavsiya qilindi.

Yig‘ilish so‘ngida IHT a’zo davlatlarining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlari rahbarlari darajasidagi uchrashuvni har ikki yilda bir marotaba o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Mavzuga oid