Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi xonadondan uch kishining jasadi topilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Hodisa 2022 yil 25 dekabr kuni Oqdaryo tumani Galarabot mahallasida 2001 yilda tug‘ilgan ayol va uning 5 oylik farzandi xonalardan birida, oila boshlig‘i, 1994 yilda tug‘ilgan erkakning jasadi ham tomda osilgan holda topilgan.
Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasining ma’lumotiga ko‘ra, ayol va uning farzandi jonsiz holda topilganda ularda tan jarohatlari bo‘lmagan.
Viloyat prokuraturasining ma’lum qilishicha, dastlabki taxminlarga ko‘ra xonadon sohibi xotini va farzandini o‘ldirgan, so‘ng o‘z joniga qasd qilgan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan Oqdaryo tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.















