“Dok-1 Maks” siropi bilan bog‘liq voqealar fonida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida kutilgandan ham ko‘ra katta muammolar borligi ko‘rinib qoldi. Sohada kadrlar, kerakli asbob-uskuna, qurilmalar masalasidan tashqari, tizimning o‘zi noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganiga qayta-qayta guvoh bo‘lib boryapmiz.
“Hozirgi tizim birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega, xolos, undan u yog‘iga o‘tolmaydi”, – deydi Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi Ro‘zimuhammad Xonnazarov Kun.uz bilan suhbatda.
Uning aytishicha, inson tanasini dorixona mahsuloti bilangina davolanib bo‘lmaydi, bu ham vaqtinchalik birinchi tibbiy yordam hisoblanadi.
“Zamonaviy tibbiyotni xalq tabobati bilan muvofiqlashtirish kerak”
— Misol bilan tushuntiraman. Masalan, odam insult yoki infarkt bo‘ldi, uni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borishadi. 3 kundan 5 kungacha muolaja qilinadi. Undan keyin shifokorlar yaqinlarini chaqirib: “Olib ket”, deydi. Qayerga desa, uyga... Ya’ni reabilitatsiya qiladigan markazlar yo‘q. Vaholanki, insult bo‘lgan odamni davolash va oyoqqa turgizib yuborish uchun 3 oy kerak. Shifokorlar esa 5 kungacha ushlab turib, davolashga haqqi bor. Undan keyin bemor ko‘chada qoladi. Shuning uchun ham odamlar tabib qidiradi.
Agar men sog‘liqni saqlash vaziri yoki shu sohani muvofiqlashtiruvchi organ rahbari bo‘lganimda, sog‘liqni saqlash tizimidagi tez tibbiy yordam, xirurgiya, tug‘uruqxonalarni qoldirib, qolganlarini xalq tabobatiga o‘tkazgan bo‘lardim. Chunki xalq tabobati davolashga, profilaktikaga qaratilgan. Hozirgi boshi bu yerda, dumi boshqa yerda bo‘lgan buncha katta tizim samarali emas. O‘zbekistonda tez yordam ko‘rsatish yaxshi, lekin qolgani-chi? Insult bo‘lib qolsa, 5 kun tez tibbiy yordam ko‘rsatadi. Undan keyin nima qiladi? 90 kun kim qarashi kerak? Buning davomi yo‘q. Puli bor odamlar xususiy shifoxonalarga boradi, lekin qurbi yetmaydiganlar-chi? Keyin nima qiladi, mahallaga chiqib hamshira qidiradi. Bunday holatlar juda ko‘p.
Shuning uchun bularni qisqartirib yoki soddalashtirib samarali ishlaydigan tizimga o‘tish kerak. Ya’ni zamonaviy tibbiyotni xalq tabobati bilan muvofiqlashtirish kerak bo‘ladi. Integratsiya qilib, profilaktika qismini tabobat yo‘nalishida davolaydigan klinikalarga aylantirish kerak. Shunda bir samara bo‘lishi mumkin.
“Reklamalarning o‘zi kasallikka, o‘limga chorlaydi”
— Tibbiyot sohasi rivojlangan qaysi mamlakatga: Hindiston, AQSh, Yaponiya, Germaniyaga qaramang, ular bizga o‘xshab faqat dorixona mahsulotini iste’mol qilayotgani yoki faqat dorini tomchilab quyish terapiyasi yo‘q. Ularda vitaminlar, minerallar, giyohlar asosiy davolovchi vosita hisoblanadi. Shunga o‘tish kerak.








