Tadbir yakunida Kun.uz muxbiri sohaga oid qator savollar bilan vazirlik mulozimiga yuzlandi.

— Hozirgina yakunlangan tadbirda chiqindilarni qayta ishlash sohasiga xususiy sektorni jalb qilish haqida gapirdingiz. Fikrlaringizdan keyin sohaga xususiy sektorni jalb qilish masalalari yoki sohaga ajratilayotgan pullar masalasi nima bo‘lyapti, degan savol tug‘iladi. Masalan, biz eshitganimiz, Samarqanddagi «Maroqand obod» chiqindilarni qayta ishlash korxonasi. Bu korxona Fransiyadan 60 mln dollar mablag‘ jalb qilish evaziga qurilgan. Lekin so‘nggi vaqtlarda ko‘p eshityapmizki, bu Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining sobiq rahbarlaridan biriga tegishli bo‘lgan.

Korxona qurilishida katta bir firibgarlik bo‘lganki, uning qurilishi uchun Fransiyadan jalb qilingan pullar avval Tojikistonga yo‘naltirilib, u orqali Xitoydan o‘ta sifatsiz texnikalar olib kelinib, korxonaga joylashtirilgan. Shu sababli bugungi kunda bu korxonadan birorta kutilgan mahsulotlar chiqmayapti. Xuddi shunday korxonani Andijonda ham ko‘rishimiz mumkin, ya’ni u yerda mahsulot chiqmayapti.

Mana shu holatlar bo‘yicha vazirlik mas’uli sifatida izoh bersangiz. Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rganish o‘tkazyaptimi yoki boshlangan bo‘lsa, natija qanday?

— Dastavval aniqlik kiritib o‘tmoqchiman. «Maroqand obod» UK Samarqand shahar hokimligi huzuridagi davlat korxonasi hisoblanadi va u chiqindilarni qayta ishlovchi korxona emas. Bu korxona chiqindilarni yig‘ish va tashish ishlari bilan shug‘ullanadi. Fransiyaning «Taraqqiyot» agentligi yordamida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida Samarqand shahrida chiqindilarni boshqarish tizimi (to‘plash, tashish, qayta ishlash)ni mukammal darajaga olib chiqish maqsadida ishga tushirilgan.

Ushbu loyiha doirasida chiqindilarni qayta ishlash yoki saralashga mo‘ljallangan texnika-uskunalar olib kelinmagan. Texnikalarni xarid qilishda qanday yo‘llardan foydalanilgani haqida esa ma’lumotlar yo‘q. Faqatgina Xitoydan xarid qilingani haqida ma’lumotga egamiz. Samarqand shahrida «Maroqand obod» korxonasi negizida davlat va xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish bo‘yicha taklif kiritilgan. Tez orada bu loyiha ishga tushiriladi.

— Ammo yuqorida aytilgan mish-mishlar turli yuqori doiralardan ham kelib turibdi. Umuman, shunday holat bormi?

— Bunday holat bordir, ammo men vakolatga ega emasman. Bu huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishi.