Elektr transport vositalaridan foydalanish jadal sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Talab ortib borayotgani sabab, ko‘plab avtokompaniyalar o‘zlarining EV modellarini ishlab chiqaradilar. Biroq 2009 yilda tabiiy energiyadan foydalanib mashina boshqarish mumkinligi ko‘pchilikning xayoliga kelmagan.
Ammo matematika o‘qituvchisi Bilol Ahmad o‘sha paytda EV yasashni o‘ylagandi. Deyarli 13 yillik mashaqqatli mehnatdan so‘ng Bilol o‘z uyida quyoshdan quvvat olib ishlaydigan mashina yasadi.
Bu quyosh avtomobili har jihatdan zamonaviy. Barcha turdagi eng so‘nggi gadjetlar bilan jihozlangan va to‘liq avtomatlashtirilgan. Hatto mashinasining eshiklari Transformerlar filmidagi kabi uzoqdan ochiladi.
U 1998 yilda ishlab chiqarilgan Nissan Misra avtomobilining asosiy modelini elektromobilga aylantirgan. “Menga ushbu mashinaning dizayni yoqdi va bu loyiha uchun eng zo‘r mashina ekanini his qildim. Ammo bu mashinada dvigatelni vitesga ulash men duch kelgan eng qiyin muammolardan biri edi. Keyinchalik men unga quyosh panellarini o‘rnatdim”, deydi Bilol.
Mashinaning deyarli butun tashqi qismi qora rangdagi quyosh panellari bilan qoplangan. Avtomobilning bu quyosh panellari har qanday yo‘nalishda aylanishi mumkin va bu narsa avtomobilni yanada o‘ziga xos qiladi. Mashina yuqori kilovattli dvigatel bilan ishlaydi va yo‘lda oddiy mashina kabi harakat qiladi. Ushbu quyosh avtomobilida besh kishi bemalol o‘tirishi mumkin.
Bilol mashinaga zaryadlanuvchi akkumulyatorni ham o‘rnatgan, shuning uchun uni istalgan zaryadlovchi stansiyada quvvatlantirish oson.
Bilolning aytishicha, avtomobilning quyosh panellari avtomatik ravishda quyosh nuri ko‘proq tushadigan tomonga aylanadi. Bu xususiyat qishda bulutli bo‘lgan Kashmir kabi joylarda katta ahamiyatga ega. Oddiy quyosh panellari odatda bunday ob-havoda 20 foizdan 30 foizgacha kamroq ishlaydi. Shuning uchun u monokristalli quyosh panellaridan foydalangan, mashina hatto kam quyosh nurida ham yaxshi ishlaydi.
Bilolning so‘zlariga ko‘ra, uning mashinasi bugungi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Shunga qaramay, uning narxi bozorda mavjud elektromobildan ancha past. Bilolning aytishicha, agar mashina ko‘p miqdorda ishlab chiqarilsa, uning narxi atigi 6-8 million atrofida bo‘ladi. Biroq bu mashinani yasash uchun Bilol 15 million sarfladi. Bunga uning yillar davomida ko‘plab tajribalar qilgani sabab bo‘lgan.
Avtomobil ishlab chiqarishdan oldin, 2009 yilda Bilol Ahmad LPG boshqaruv xavfsizlik moslamasini ishlab chiqdi va patentladi. Agar kimdir gaz regulyatorini o‘chirishni unutib qo‘ysa, Bilolning LPG boshqaruv moslamasi gazni o‘chiradi. Qurilmani istalgan joydan telefon orqali masofadan turib boshqarish mumkin.











