Pxenyanning faolligi Koreya yarimorolidagi keskinlik kuchayishiga olib keldi. Oxirgi bor bunday taranglik 2017 yilda yuz bergandi, o‘shanda AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreyaga «olov va g‘azab» bilan tahdid qilgan edi.

2023 yilda bizni nima kutmoqda?

Yadro quroli

2022 yilda KXDR o‘zining qurol-yarog‘ arsenalini kengaytirishda sezilarli yutuqlarga erishdi. Yil boshida Pxenyan Janubiy Koreyaga hujum qilish uchun mo‘ljallangan qisqa masofali raketalarni sinovdan o‘tkazishni boshladi, keyinroq esa Yaponiyaga hujum qilish uchun mo‘ljallangan o‘rta masofali raketalar sinoviga o‘tildi.

Yil oxiriga kelib Pxenyan rejimi o‘zining eng kuchli qit’alararo ballistik raketasi — «Xvason-17»ni sinovdan o‘tkazdi. Yaponiya bu raketa AQSh hududigacha uchib borishi mumkinligini tasdiqladi.

Kim Chen Inning yadroviy tahdidlari yanada tajovuzkor tus oldi. Sentabr oyida Shimoliy Koreyaning yangi yadroviy maqomi haqida gapirar ekan, u yadroviy qurol endi shunchaki himoya vositasi emasligini, Pxenyan urushda g‘alaba qozonish uchun birinchi navbatda undan foydalanishga tayyorligini aytdi.

Yil oxiriga kelib, u o‘zining hukmron Ishchilar partiyasining yuqori martabali a’zolarini 2023 yil uchun mo‘ljallangan rejalar bilan tanishtirish uchun yig‘di.

Kimning birinchi navbatdagi maqsadlari ro‘yxati boshida yadro arsenalining «eksponensial o‘sishi» turadi. Bu g‘oya, Kim aytganidek, Janubiy Koreya bilan urushda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan nisbatan kichik taktik yadro qurollarini ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi.

«Bu Kim Chen In murojaatining eng jiddiy qismi edi», deydi Karnegi jamg‘armasi eksperti Ankit Panda.

2022 yil noyabrida Shimoliy Koreya o‘z tarixidagi eng kuchli qit’alararo harakatlanuvchi ballistik raketa sinovini o‘tkazgandi.
Foto: KCNA

Taktik yadro qurollarini ishlab chiqarish uchun Pxenyan birinchi navbatda kichik raketaga o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan nisbatan kichik yadroviy kallak yasashi kerak.