Ikkinchi jahon urushidan so‘ng dunyo siyosiy sahnasida shiddatli raqobat ketar ekan, SSSR va G‘arb «josuslik o‘yinlariga» zo‘r beradi. G‘arb davlatlari sovetlardan alamzada bo‘lgan insonlar orasidan o‘ziga josuslar yollaydi. SSSR esa «sovetlar mamlakatida barcha baxtiyor» degan cho‘pchakka ishonib yurgan insonlar bilan aloqa bog‘laydi. Sovetlarga xizmat qilgan josuslardan biri britaniyalik Melita Norvud edi. Bu ayol 40 yil mobaynida qo‘lga tushmasdan KGBga muhim ma’lumotlar yetkazib turadi va SSSR tarqab ketgach fosh bo‘ladi.

1917 yilda sodir bo‘lgan Oktyabr to‘ntarishidan keyin Rossiyada mislsiz qatag‘onlar boshlanib ketgan bo‘lsa-da, bu davlat tashqi dunyoga o‘zini adolatparvar va xalqchil qilib ko‘rsatardi.

Shu sababli 1920-yillardan boshlab dunyoning ko‘plab davlatlarida kommunistik partiyalar tuziladi. Bu partiyalarga Rossiya va unga tobe bo‘lgan hududlardagi holatdan bexabar insonlar a’zo bo‘la boshlaydi.

Ular kommunistlar tomonidan o‘tkazilayotgan «qizil terror» haqida eshitmagan, «sovetlar yurti»da boylar va o‘rtahollarning mulklari tortib olinganini bilmas, barcha narsa xalqqa berilgan deb o‘ylardi.

Aslida esa vaziyat tamoman boshqacha, o‘tmishi shubhali bo‘lgan bir guruh shaxslar Rossiyani egallab, odamlarni mislsiz qatag‘on qilmoqda edi. Britaniya kommunistik partiyasi ham o‘sha taloto‘p zamonlarda, 1920 yilda tuzilgandi.

Garchi kommunistlar davlat to‘ntarishini amalga oshirib, hokimiyat ular tasarrufiga o‘tgan bo‘lsa-da SSSR Ikkinchi jahon urushigacha hatto Yevropada ham yetakchilikka da’vo qila olmagan.

O‘sha paytlarda dunyoning katta qismi Buyuk Britaniya mustamlakasi edi. Bu davlat 1928-1932 yillarda juda og‘ir iqtisodiy inqirozlarni boshdan kechirgan AQSh bilan dunyo gegemonligi uchun raqobat qilardi.

Yevropada esa Britaniyaga iqtisodiyoti keskin o‘sayotgan Germaniya raqobatchi edi. 1939-1945 yillarda bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushi dunyodagi siyosiy vaziyatni tubdan o‘zgartirib yuboradi.

Yevropaning eng yirik iqtisodiyotiga ega bo‘lgan Germaniya urushda yutqazadi va keyinchalik ikkiga bo‘linadi. Osiyoning eng kuchli davlati bo‘lgan Yaponiya ham mag‘lubiyatdan so‘ng AQSh ta’sir doirasiga tushib qoladi. Buyuk Britaniya esa ko‘plab mustamlakalaridan ayriladi va o‘z siyosiy mavqeyini yo‘qotadi.