Ittifoqchilar hamon Ukrainaga nemislarning Leopard 2 tanklarini yetkazib berish bo‘yicha kelisha olmadi - holbuki Yevropada yuzlab shunday tanklar bor. Bunga Germaniya qonunlari va kansler Olaf Sholsning ehtiyotkorona siyosati xalaqit qilmoqda.

Muammo mohiyati shundaki, Leopard tanklari Germaniyada ishlab chiqariladi va ular bir mamlakatdan boshqasiga yetkazib berilishi uchun Germaniya hukumati roziligi talab etiladi. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, Berlin o‘z tanklari boshqa istalgan mamlakatga qayta eksport qilinishiga rasman ruxsat berishi kerak.

Germaniya esa qator sabablarga ko‘ra, jumladan Ikkinchi jahon urushi merosi tufayli, yaqin vaqtlargacha mojaro hududlariga qurol yetkazib berishdan tiyilgan.

Vaziyat faqat Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin o‘zgardi, shunda ham birdaniga emas.

2022 yil fevral oyi o‘rtalarida mamlakatning o‘sha vaqtdagi mudofaa vaziri Kristina Lambrext (u yaqinda iste’foga chiqdi) Ukraina harbiylari uchun besh ming dona kaska yetkazib berishni va’da qilib, bu boradagi ilk qadamni tashlagandi, o‘shanda uning bu qarori Kiyevga jiddiyroq yordam berish tarafdorlarining kulgisiga sabab bo‘lgandi.

Urush boshlanganidan bir necha oy o‘tib Germaniya Ukrainaga zirhli transportyorlar va bugungi urushda o‘ta muhim bo‘lgan havo hujumidan mudofaa tizimlari, xususan IRIS-T va Patriot zenit-raketa qurilmalarini yetkazib bera boshladi.

Ammo hamon urushda yurish qilish uchun muhim vosita bo‘lgan tanklarni yetkazib berish muammo bo‘lib qolmoqda.

Foto: GETTY IMAGES

Yana kelishuvga erishilmadi

Juma kuni Ukraina ittifoqchilari bo‘lgan 54 mamlakat (Ukrainaga yordam berish masalasi muvofiqlashtiriladigan «Ramshtayn» formatidagi kontakt guruhi a’zolari) mudofaa vazirlari navbatdagi yig‘ilishda Kiyevga katta miqdorda zirhli texnikalar, havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda o‘q-dorilar yetkazib berish bo‘yicha kelishib olishdi.

Volodimir Zelenskiy NATO bo‘yicha hamkorlarga harbiy yordam uchun minnatdorchilik bildirdi, ammo Kiyev hali zamonaviy tanklar yetkazib berilishi uchun ham kurashishi darkorligini qo‘shimcha qildi.

«Tanklar yetkazib berish bo‘yicha qaror qabul qilinishidan boshqa muqobil yo‘qligi kundan kunga ayon bo‘lib bormoqda», dedi u.