So‘nggi kunlarda Ukraina boshqaruv tuzilmalarida qator shov-shuvli iste’folar ro‘y berdi: prezident ofisida, bosh prokuraturada, vazirliklarda va regionlar rahbarlari orasida. Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Kirilo Timoshenko, mudofaa vaziri o‘rinbosari Vyacheslav Shapovalov, bosh prokuror o‘rinbosari Oleksiy Simonenko, ijtimoiy siyosat vaziri o‘rinbosari Vitaliy Muzichenko, Obshchinalar, hududlar va infratuzilmalarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosarlari Ivan Lukerya va Vyacheslav Negoda, shuningdek bir necha oblastlar rahbarlari - Dnipropetrovsk oblasti rahbari Valentin Reznichenko, Zaporijjya oblasti rahbari Oleksandr Starux, Kiyev oblasti rahbari Oleksiy Kuleba, Sumi oblasti rahbari Dmitro Jivitskiy va Xerson oblasti rahbari Yaroslav Yanushevich o‘z lavozimlarini tark etishdi.
Iste’folarning rasmiy sabablari ma’lum qilinmagan.
Ukraina nashrlari ushbu amaldorlar korrupsiya mojarolari ortidan ishdan ketgani haqida yozishgan. Xususan, Ukraina qurolli kuchlari ta’minotiga mas’ul bo‘lgan Vyacheslav Shapovalov iste’fosiga «Zerkalo nedeli» nashri surishtiruvi sabab bo‘ldi. Unda ukrain harbiylari uchun oziq-ovqat mahsulotlari yuqori narxlarda xarid qilingani aytilgandi.
Oleksiy Simonenkoning iste’fosini mulozim ta’til uchun xorijga chiqqani bilan bog‘lashmoqda. «Ukrainskaya pravda» xabariga ko‘ra, 2022 yil oxirida bosh prokuror o‘rinbosari 10 kun muddatga mamlakatdan tashqariga chiqqan, jumladan Ispaniyaning Marbelya oroliga tashrif buyurgan. U va rafiqasi ta’tilga lvivlik tadbirkor va deputat Grigoriy Kozlovskiyga tegishli «Mersedes»da yo‘l olgan, ularga biznesmenning qo‘riqchisi hamrohlik qilgan.
Ivan Lukerya va Vyacheslav Negoda infratuzilmalar vazirining boshqa bir o‘rinbosari Vasiliy Lozinskiy generatorlar xaridida yirik miqdorda pora olishda ayblanishi va qo‘lga olinishi ortidan iste’foga chiqishdi.
Timoshenkoni esa so‘nggi vaqtlarda Ukrainaga gumanitar missiyalar uchun berilgan yo‘ltanlamasda qilgan safarlari uchun tanqid qilishgandi. U avtomobildan xizmat maqsadlarida foydalanganini aytgan. Yakunda Timoshenko mashinadan foydalanishni to‘xtatib, uni front yaqinidagi hududlarga jo‘natishni so‘ragandi.
Bundan tashqari, 2022 yil oxirida OAV Timoshenko mamlakatdagi harbiy holat vaqtida biznesmen Vemir Davityanga tegishli bo‘lgan 100 ming dollarlik Porsche Taycan avtomobilida yurgani haqida yozgandi.
Iste’foga chiqarilgan besh region rahbarlaridan to‘rt nafari Timoshenkoning iste’fosi bilan bog‘langan. Bundan tashqari, Dnipropetrovsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Valentin Reznichenko — jurnalistlar surishtiruvidan keyin ochilgan jinoiy ish figurantidir, unga ko‘ra, amaldorning yaqin do‘stiga tegishli kompaniyaga hududdagi yo‘llarni ta’mirlash va ekspluatatsiya qilish uchun yarim milliard grivna ajratilgan.
















