Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 4-sentabr, juma kuni kechki videomurojaatida AQSH vakillarining Moskvaga tashrifi davomida Rossiyaga havodan zarbalar berishda tanaffus qilinishini aytdi.

Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, AQSH prezidenti Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner 5-sentabr kuni Moskvaga tashrif buyuradi. Keyingi kuni esa ular Kiyevga borishi kutilmoqda.

Ukraina rahbari AQSH tomonining avvalgi diplomatik tashriflari paytida boʻlgani kabi, bu safar ham muzokarachilarning xavfsiz harakatlanishi uchun sharoit yaratilishini taʼkidladi.

«Avvalgi Amerika diplomatik tashriflari vaqtida boʻlgani kabi, muzokarachilar xavfsiz yetib kelishi uchun Rossiya havo hududining normal ishlashini taʼminlaymiz», dedi Zelenskiy.

Uning taʼkidlashicha, Ukraina tomonidan bu vaqtda havo zarbalari amalga oshirilmaydi. Zelenskiy bunday qaror Rossiya manfaatlari uchun emas, balki AQSH vakillarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida qabul qilinayotganini bildirdi.

OAV 5–8-sentabr kunlari «tinchlik rejimi» joriy etilishi haqida yozdi

«Ukrainskaya pravda» nashrining bir nechta yoʻnalishdagi harbiy brigadalardagi suhbatdoshlari hamda kuch tuzilmalaridagi yuqori martabali manbaga tayanib xabar berishicha, Ukraina Qurolli kuchlariga 5-sentabr soat 00:00 dan 8-sentabr soat 23:59 gacha «tinchlik rejimi»ga rioya qilish boʻyicha koʻrsatma berilgan.

Biroq bu maʼlumot Ukraina rasmiylari tomonidan hozircha tasdiqlangani yoʻq.

«RBK-Ukraina» agentligi ham Kiyev diplomatik uchrashuvlar oʻtadigan davrda havo zarbalarini oʻzaro toʻxtatish boʻyicha Moskvaga taklif yuborganini xabar qildi. Manbaga koʻra, Ukraina hozir Rossiya tomonining javobini kutmoqda.

The New York Times manbalari esa Vashington ham Kiyev, ham Moskvadan Tramp vakillarining tashrifi davomida jangovar harakatlarda tanaffus qilishni soʻraganini bildirgan.

Shu bilan birga, front boʻylab 5–8-sentabr kunlari toʻliq oʻt ochishni toʻxtatish rejimi joriy etilishi haqidagi xabarlar bilan Zelenskiy rasman eʼlon qilgan Rossiyaga havo zarbalarini bermaslik niyatini farqlash lozim. Birinchisi OAV manbalariga asoslangan va rasman tasdiqlanmagan, ikkinchisi esa Ukraina prezidenti tomonidan ochiq eʼlon qilingan.