10:28 / 02.02.2023
5156

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sohasi 1,9 barobarga oshdi 

2017 yildan beri elektron davlat xizmatlari 368 taga yetdi. Tahlillar xususiy sektorni jalb qilish xizmatlar sohasi o‘sishini rag‘batlantirganini ko‘rsatmoqda.  

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari 2017-2022 yillarda O‘zbekistonda xizmat turlarini rivojlantirish bo‘yicha qilingan ishlar natijasini tahlil qildi.

Institut tahlil natijalarini Kun.uz’ga taqdim etdi. 

Xizmat ko‘rsatish sohasining rivojlanishi iqtisodiy o‘sish, aholi (ayniqsa yoshlar) bandligini ta’minlash va turmush farovonligini oshirishda katta ahamiyatga ega. 

2022 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda xizmatlar sohasi YaIMning 41,5 foizini tashkil etdi va 2017-2022 yillarda sohaning real o‘sish ko‘rsatkichi 1,9 marotaba oshdi. 

Xizmat ko‘rsatish sohasini qo‘llab-quvvatlash va jadal rivojlantirish borasida muhim qadamlar qo‘yildi. Xususan: 

  • - “Elektron hukumat” tizimi takomillashtirildi va umumiy elektron davlat xizmatlari soni 368 taga yetdi (2019 yilda — 173 ta), ulardan 242 tasi tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan; 
  • - biznesni ro‘yxatga olish osonlashtirildi va xizmatlar sohasidagi kichik tadbirkorlik sub’yektlari soni 2,2 barobar ko‘paydi (2017 yilda 128 mingta, 2022 yilda 325 mingta); 
  • - AKT infratuzilmasi qariyb 6 barobar va logistika tizimi 1,2 barobar yaxshilandi. Optik tolali aloqa liniyalari uzunligi 2017 yildagi 20,3 ming kmdan 2022 yilda 118 ming kmga yetdi. Tashilgan yuklar 2017 yildagi 1146,2 mln tonnadan 2022 yilda 1398,9 mln tonnaga yetdi. 

Zamonaviy xizmatlarni rivojlantirishda sohaga xususiy sektorni jalb qilishning rag‘batlantirilishi o‘z samarasini berdi va tahlil qilingan yillarda quyidagi o‘zgarishlar qayd etildi: 

  • - moliya xizmatlari 5,1 marotaba oshdi. Xususiy va xorijiy banklarning sohaga jalb qilinishi ularning raqobatbardoshligini oshirdi va 2022 yilning 1 dekabr holatiga ko‘ra HHI indeksi 1016 gacha pasaydi (2018 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, 1520 ga teng bo‘lgan); 
  • - axborot va aloqa sohasidagi xizmatlar 2,8 marotaba oshdi. Xalqaro ma’lumotlarni uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik imkoniyati 2022 yilda 1800 Gbit/s gacha oshdi (2017 yilda 64,2 Gbit/s); 
  • - ta’lim sohasidagi xizmatlar 2,5 marotaba oshdi. Xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari soni 833 taga (2017 yilda 250 ta edi), davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim muassasalari soni 1313 taga (2018 yilda 250 ta), oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalari soni 20676 taga (2018 yilda 579 ta), nodavlat umumta’lim muassasalari soni 194 taga (2017 yilda 39 ta), nodavlat oliy ta’lim muassasalari soni 55 taga (2018 yilda 1 ta), xorijiy oliy ta’lim muassasalari soni 30 taga (2017 yilda 7 ta) yetdi ; 
  • - sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar 2,8 marotaba oshdi va hozirgi kunda 7320 ta xususiy tibbiyot muassasasi (ulardan 5823 tasi ambulatoriya, 1497 tasi statsionar) faoliyat yuritmoqda (2017 yilda 4000 ta edi).
Top