Pokistonning sobiq harbiy diktatori Parviz Musharraf vafot etdi
U 1999 yilda harbiy davlat to‘ntarishi orqali hokimiyatga kelgan, keyinroq davlatga xiyonatda ayblanib, sirtdan o‘limga hukm qilingandi.
Pokistonning sobiq prezidenti Parviz Musharraf Dubaydagi hospitalda 79 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.
So‘nggi yillarda Birlashgan Arab Amirliklarida quvg‘unda yashab kelayotgan Musharraf amiloidoz kasalligidan (organizmda oqsil almashinuvidagi buzilish bilan bog‘liq kam uchrovchi kasallik) aziyat chekayotgandi.
Pokiston mudofaa vazirligi sobiq prezident vafoti yuzasidan hamdardlik bildirgan.
Parviz Musharraf Pokistonda 1999 yilda ro‘y bergan harbiy davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyatga kelgandi. U 2001-2008 yillarda mamlakat prezidenti bo‘lgan.
U ko‘plab suiqasdlarni boshdan kechirgandi. 2001 yil 11 sentabridan keyin Pokiston jamiyatidagi kayfiyatga qaramay, AQShning «terrorga qarshi urushi»ni qo‘llab-quvvatlagan, natijada jangarilar va G‘arb o‘rtasidagi kurashda oldingi saflarda bo‘ladi.
2008 yilda Musharraf saylovlarda mag‘lubiyatga uchraydi va bir yarim oy o‘tib mamlakatni tark etadi.
General 2013 yilda Pokistonga qaytadi va yana saylovlarda ishtirok etishga urinadi, ammo hibsga olinib, saylovda nomzodini qo‘yish huquqidan mahrum etiladi. Pokiston hukumati tashabbusi bilan Musharrafga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atiladi. Uni 2007 yilda Konstitutsiyaviy sud Musharrafning yangi muddatga saylanishi qonuniyligi masalasini ko‘rib chiqishga qaror qilganida mamlakatda favqulodda holat joriy etib, konstitutsiyani bekor qilgani uchun davlatga xiyonatda ayblashadi. U sirtdan o‘lim jazosiga hukm etiladi, ammo bir oy o‘tib bu hukm bekor qilinadi.
2016 yilda u yana mamlakatni tark etib, davolanish uchun Dubayga ketadi. Kasalligi tufayli u vataniga qaytish istagini bildirgandi.
Pokiston armiyasi vakillari Musharrafning o‘limi haqida berilgan xabarida «samimiy hamdardlik» izhor etishgan va qo‘shimcha qilishgan: «Alloh marhumning ruhini shod qilsin va oilasiga kuch-quvvat bersin».
Pokiston prezidenti Arif Alvining ofisining AFP agentligi iqtibos keltirgan ta’ziyanomasida prezident «marhumning ruhi mangu orom topishi uchun va uning oilasiga bu yo‘qotish yukini ko‘tarishda jasorat tilab» duoda bo‘lishi aytilgan.
Mavzuga oid
20:17 / 13.11.2024
Pokistonda to‘y avtobusi daryoga qulashi oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi
19:27 / 13.11.2024
Pokiston va Hindistonni qoplagan tutun koinotdan ko‘rina boshladi
15:12 / 09.11.2024
Pokistondagi stansiyada terakt: 24 kishi halok bo‘ldi
21:39 / 08.11.2024