“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan investitsiyaviy loyihalar asosida yangi gidroenergetik quvvatlarni barpo etish, xususan, zamonaviy talablar asosidagi yangi gidroelektr stansiyalarni qurish, modernizatsiya loyihalarini amalga oshirish, shu bilan birga, istiqbolli sanalgan mikro va kichik GESlarni qurishga katta urg‘u berilmoqda.
Bugun 8 fevral kuni Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahrida ikki tomonlama hamkorlik doirasida navbatdagi tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Madaniy aloqalar bo‘yicha Hindiston Kengashi prezidenti Doktor Vinay Saxasravudxe, Milliy energetika korporatsiyasi, “Tehri Hydro Power Corporation” hamda “North-Eastern Electric Power Corporation Limited” korporatsiyalari raisi va boshqaruvchi direktori Shri R.K. Vishnoy, “MACLEC technical project laboratory pvt. LTD” kompaniyasi raisi Narayan Bxardvadj, O‘zbekiston Respublikasining Hindiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Dilshod Axatov hamda “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi.

Tadbirda tarixiy kelishuvga erishildi. Hindistonning “MACLEC technical project laboratory pvt. LTD” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, quvvati 50 MVt bo‘lgan suv yuzasida suzib turuvchi kinetik turbinali innovatsion gidroagregatlarni O‘zbekistonga yetkazish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Ushbu hamkorlikning asosiy jihati shundaki, 1-bosqichda gidroagregatlarning 60%i mahalliylashtiriladi va gidroagregatlar O‘zbekiston sharoitida sinovdan o‘tkaziladi. 2-bosqichda ishlab chiqarish 100% mahalliylashtiriladi va hindistonlik injyener-muhandislar respublikamizda doimiy ishlashi va bizning mahalliy mutaxassislarimizni gidroagregatlarni ishlab chiqarishga o‘rgatish uchun jalb qilinadi.
Bu borada Jamiyat xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga, xorijiy ilg‘or tajribani mahalliylashtirishga ustuvor vazifalardan biri sifatida qaramoqda.
Mazkur tadbirda “MACLEC” kompaniyasi raisi Narayan Bxardvadj hamda Jamiyat Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov tomonidan hamkorlikning istiqbollariga alohida to‘xtalib o‘tildi hamda o‘zaro minnatdorchilik tilaklari bildirildi.
Tadbir davomida tomonlar o‘rtasida shartnoma imzolash marosimi o‘tkazildi.
















