So‘nggi kunlarda ukrainalik siyosatchilar va G‘arbdagi harbiy tahlilchilar tomonidan Rossiyaning kutilayotgan keng ko‘lamli yurishi boshlanishi haqida tobora ko‘proq bayonotlar yangramoqda. Ammo Ukrainada frontning turli uchastkalarida keskinlik ortganini yurish boshlanishi deb hisoblash mumkin bo‘lsa ham, hal qiluvchi yurish deb baholash qiyin. BBC hozir sodir bo‘layotgan voqealar Rossiya armiyasining so‘nggi oylarda Donbassda oldinga siljishga urinishlaridan nimasi bilan farqlanishini tahlil qildi.

Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko o‘tgan haftada Ukraina televideniyesiga bergan intervyusida Rossiyaning yurishi «ma’lum ma’noda» boshlangani haqida aytdi.

O‘z navbatida Luhansk harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gayday  Luganskdagi yurish «amalda boshlanib ketgani» haqida aytdi.

Shuningdek, Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) o‘z svodkasida Rossiya armiyasi tashabbusni qo‘lga olgani va Luhansk oblastida yurish qilayotgani haqida xabar berdi.

Rossiya katta yurishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida yanvar oyi o‘rtalaridan buyon aytib kelinayotgandi. O‘shanda kuzatuvchilar va ekspertlar yurish ikki tomondan ham boshlanishini kutish mumkinligini bildirishgandi. Ammo fevral oyi boshida G‘arbda va Ukrainadagilar faol harbiy harakatlar aynan Rossiya tomonidan boshlangani haqida ayta boshlashdi.

So‘nggi haftalarda – ayniqsa, so‘nggi kunlarda – frontning ayrim uchastkalarida vaziyat chindan ham keskinlashdi. Ammo hozircha Rossiya qo‘shinlarining hujumlari va oldinga harakatlanishini ko‘pchilik «katta yurish» deb hisoblamayapti.

Shunga qaramay, ilgarilash kuzatilmoqda.

Baxmut – operativ qurshovda

Nisbatan murakkab vaziyat Donetsk oblastining Baxmut shahri atrofida yuzaga kelgan, Rossiya armiyasi bu shaharni olish uchun avgust oyidan buyon harakat qilmoqda. Shahar hududidagi vaziyat so‘nggi kunlarda tobora yomonlashib bormoqda.

Shahar ayni vaqtda Rossiya qo‘shinlari pozitsiyasidan yorib chiqqan ulkan bo‘rtiq uchiga to‘g‘ri kelmoqda. U shimol va janubdan o‘rab olingan. Uni shimoli-g‘arbdan, Slovyansk tomondan keluvchi ta’minot yo‘lidan uzib qo‘yish uchun Rossiya qo‘shinlari ushbu yo‘l bo‘yida joylashgan Krasnaya Gora va Praskoviyivka qishloqlarini egallashi talab etiladi.