Jahon | 09:12 / 14.02.2023
8425
3 daqiqa o‘qiladi

Londonda Rossiyaning ehtimoliy josusi ishi bo‘yicha sud davom etmoqda

Buyuk Britaniyaning Berlindagi elchixonasi sobiq qo‘riqchisi uch yil davomida Rossiya tomoni uchun maxfiy materiallar to‘plaganlikda gumon qilinmoqda.

Foto: Flickr

2016 yil 15 iyundan beri Britaniyaning Berlindagi elchixonasida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan Shotlandiyada tug‘ilgan va Britaniya fuqarosi hisoblangan Devid Ballantayn Smit uch yil davomida - 2018 yilning 9 martidan beri maxfiy materiallarni to‘plagan va ular uchun Rossiya tomonidan yuzlab yevro olgan bo‘lishi mumkin. Uning ishi bo‘yicha eshituvlar 13 fevral, dushanba kuni Londonning Old-Beyli markaziy jinoiy sudida bo‘lib o‘tdi. Smit 1911 va 1920 yillardagi Britaniyaning rasmiy sirlari to‘g‘risidagi qonuniga binoan to‘qqiztadan sakkizta band bo‘yicha aybini tan oldi.

Erkak tomonidan to‘plangan materiallar orasida 2020 yil 23 noyabrda Buyuk Britaniyaning o‘sha paytdagi bosh vaziri Boris Jonsonga tashqi savdo vaziri Liz Trass hamda biznes, energetika va sanoat strategiyasi vaziri Alok Sharma tomonidan yuborilgan «maxfiy» belgisi bor xat ham bor edi.

Politsiya xonalarning joylashishini belgilash uchun «elchixona atrofida yurish» aks etgan to‘qqizta videoni topdi. Shuningdek, elchixona xodimlari va aloqa vositalariga oid bir qancha suratlar topilgan. Suddagi eshituvlar davomida sudlanuvchining aniq Britaniyaga qarshi, putinparast va rossiyaparast qarashlari borligi qayd etildi.

Smitning xatti-harakatlari yashirin operatsiya davomida Rossiya elchixonasi harbiy xizmatchisiga Buyuk Britaniya diplomatik missiyasining bir qator hujjatlari va u yerda ishlayotgan xodimlarning fotosuratlari bilan yuborilgan xat ushlanganidan so‘ng fosh bo‘ldi. Erkak Germaniyada politsiya tomonidan hibsga olingan va 2022 yil aprel oyida Buyuk Britaniyaga topshirilgan.

Sudlanuvchi o‘zining xatti-harakatlari ish beruvchidan noroziligi bilan bog‘liqligini ta’kidladi. Bundan tashqari, u go‘yoki elchixonaning xavfsizlik tizimidagi kamchiliklarni aniqlamoqchi bo‘lgan. Erkak Rossiya tomonidan to‘lov olganini rad etdi.

2019 yildan boshlab elchixona xodimlari Smitning ruhiy salomatligidan xavotirda bo‘lgan. 2021 yilda bir hamkasbi Smit o‘z joniga qasd qilishi mumkinligi haqida xabar berganidan so‘ng, muammoni hal qilish uchun yig‘ilish tashkil etilgan.

Erkak Ukraina fuqarosi bo‘lgan ayolga uylangan, u rafiqasi Germaniyada yashashni yoqtirmagani va vataniga qaytganini aytgan. «Ayblanuvchi Ukraina haqida ko‘p gapirdi va u yerga safarlarni muhokama qildi. U Germaniya hukumatiga nisbatan dushmanona qarashlarini bildirdi», - dedi prokuror. Hukm 17 fevral kuni chiqarilishi kutilyapti. Devid Smit Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib, 14 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

2022 yil dekabrida 21 dekabr kuni davlatga xiyonat va Rossiya foydasiga josuslikda gumon qilinib hibsga olingan Germaniya Federal razvedka xizmati (BND) xodimi Karsten L. Moskvaga Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha maxfiy ma’lumotlarni yetkazgan bo‘lishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid