Moldova prezidenti Mayya Sandu Rossiyani davlatning ichki ishlariga aralashishga urinishda aybladi. Uning bu bayonoti mamlakatda hukumat o‘zgarishidan bir necha kun o‘tib yangradi.

Juma kuni prezident Dorina Rechanani yangi bosh vazir etib tayinladi, u o‘zidan oldingi hukumat rahbari Natalya Gavrilitsa kabi mamlakat Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi tarafdori hisoblanadi.

O‘tgan haftada Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev Rossiya maxsus xizmatlarining Moldovadagi vaziyatni beqarorlashtirish rejalaridan voqif bo‘lgani haqida aytib o‘tgandi.

Bryusselda Yevroittifoq yetakchilari qarshisida chiqish qilgan Zelenskiy o‘zidagi hujjatda «kim, qachon va qanday qilib Moldova demokratiyasini izdan chiqarib, bu mamlakat ustidan nazorat o‘rnatmoqchi ekani» aniq ko‘rsatilganini ta’kidlagandi.

Dushanba kuni Sandu bu ssenariyni Moldova razvedkasi ham tasdiqlaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘zda tutilgan to‘ntarish «muxolifat deb ataluvchi kuchlarning mamlakatdagi konstitutsion tuzumni ag‘darishga qaratilgan namoyishlari»ni ham o‘z ichiga oladi.

«Ukraina tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda «ushbu qo‘poruvchilik harakatlarini tashkil qilish joylari va logistika jihatlari hujjatlashtirilgani ko‘rsatilgan. Bu reja Moldovaga Rossiya, Chernogoriya, Belarus va Serbiya fuqarolari qonuniy hukumat o‘rniga Rossiya Federatsiya nazoratida bo‘ladigan noqonuniy hukumatni olib kelishga qaratilgan namoyishlar qo‘zg‘ash maqsadida kelishini ham nazarda tutadi. Bu esa Yevropa Ittifoqiga integratsiya jarayonini to‘xtatish uchun mamlakatni Rossiya ixtiyoriga berishdir», dedi Moldova prezidenti brifingda.

Moldova 2022 yil iyunida YeIga a’zo bo‘lishga nomzod maqomini olgandi. Fotoda - sobiq bosh vazir Natalya Gavrilitsa Bryusselda
ANADOLU AGENCY

U harbiy tajribaga ega bo‘lgan bu odamlar o‘zlarini tinch aholi vakillari sifatida ko‘rsatib, yashirincha harakat qilishi ko‘zda tutilganini qo‘shimcha qilgan. Ularning missiyasiga davlat muassasalariga hujumlar va odamlarni garovga olish ham kiradi.

Sandu xonimning aytishicha, bu kuchlar «ayrim ichki kuchlar»ga ham tayanadi. Ular orasida prezidentga muxolif «Shor» partiyasi, ayrim faxriylar va tadbirkor Vladimir Plaxotnyuk bilan aloqador bir necha kishilardan iborat jinoiy guruhlar ham bor.