BBC nashri jurnalistlari Ukrainadagi rossiyalik harbiy asirlar lageriga tashrif buyurdi. Ular mamlakat g‘arbidagi harbiy asirlar lageriga yetib borganda, Rossiya raketalari yana Ukraina osmoni uzra uchib o‘tayotgan edi. Quyida BBC muxbirlarining to‘liq reportaji keltiriladi.
«Bu ma’yus binolarda, Ukrainaning harbiy asirlarni saqlovchi ellikka yaqin lageridan biri joylashgan. Unda yuzlab rus harbiylari — safarbar qilinganlar, professional askarlar va yollanma jangchilar saqlanadi.
Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari raketalarining uzoqdan portlashlari fonida biz yerto‘laga kiramiz va bu yerda Rossiya raketalaridan yashiringan bir necha o‘nlab asirlarni ko‘ramiz.
Bu urushda asirlar almashinuvi muntazam ravishda amalga oshirilmoqda va uning davom etishi Kiyev uchun juda muhim. Fevral oyida Ukraina hukumati urush boshlanganidan beri almashinuvlar orqali 1762 kishini uyiga qaytarishga muvaffaq bo‘lganini e’lon qildi. Mahbuslarni almashish murakkab va qaltis operatsiya bo‘lib, uni uyushtirish uchun ko‘pincha bir necha oy kerak bo‘ladi.
Jyeneva konvensiyasi qoidalariga ko‘ra, harbiy asirlarni keng jamoatchilikka ko‘rsatish mumkin emas.
Bizga o‘zimiz tanlagan va biz bilan suhbatlashishga rozi bo‘lgan asirlar bilan gaplashishga ruxsat berildi. Ammo lager soqchilari butun vaqt shu yerda bo‘ldi va mahbuslar, ehtimol, o‘zlari xohlagan narsani deyarli ayta olmadi.
Ko‘pchiligi hatto yuzini ham yashirdi.

2022 yil noyabr oyida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari idorasi har ikki tomonni harbiy asirlar huquqlarini poymol qilishda ayblab, hisobot e’lon qildi. Hisobot qiynoqlar va zo‘ravonliklardan shikoyat qilgan asirlar bilan o‘tkazilgan suhbatlarga asoslangandi.
Soqchilar bizga mahbuslar bilan risoladagidek muomala qilishlarini ko‘rsatish uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qildi.
Asirlardan biri yollanma askar bo‘lganini aytdi. Uni uch kun oldin bu lagerga olib kelishgan. U yaqinda rossiyaliklar tomonidan egallangan Soledar shahri yaqinida asirga olingan.



















