13 fevralga o‘tar kechasi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga aloqador telegram kanalda «Vagner» tomonidan Ukrainadagi urushga yollangan va asirga tushgan sobiq mahbus safdoshlari tomonidan «qatl etilishi» aks etgan video paydo bo‘ldi. Bu so‘nggi oylardagi ikkinchi shunday video. Rossiyalik Yevgeniy Nujinning boshi kuvalda bilan majaqlangani tasvirlangan oldingi video noyabr oyida paydo bo‘lgandi. To‘g‘ri, bu safar biznesmen Yevgeniy Prigojinning matbuot xizmati videoning davomini ham e’lon qildi, undagi tasvirlarga ko‘ra, oldingi videoda «qatl etilgan» qrimlik Dmitriy Yakushchenko tirik va hech qanday zarar ko‘rmagan. BBC nashri ushbu videolar va undagi inson haqida ma’lumotlar to‘pladi.

13 fevral kuni kechqurun «Vagner»ga aloqador bo‘lgan Grey Zone kanalida kuvalda (katta bolg‘a) bilan «qatl» uyushtirilgan yangi video paydo bo‘ldi.

Videoda Yakushchenko Dmitriy Yurevich (1978 yilda tug‘ilgan) Ukraina qo‘l ostidagi Qrimda tug‘ilgani va ilgari o‘z hududida bir necha marta sudlangani aytiladi. Kanal mualliflarining yozishicha, Yakushchenko talonchilik va qotillik aybi bilan bir necha bor qamalgan. Shundan so‘ng u «Vagner» tomonidan berilgan «ozod bo‘lish va qutulish» imkoniyatini qo‘lga kiritgan.

Yevgeniy Prigojin asos solgan ushbu kompaniya 2022 yil yozidan beri Rossiya qamoqxonalaridagi mahbuslarni urushga yollash bilan faol ravishda shug‘ullanadi.

Yakushchenko ishtirokidagi videoning izohidan ko‘rinib turibdiki, u frontga yuborilganidan keyin asirga tushgan. O‘shanda Ukraina ommaviy axborot vositalari uning ishtirokidagi videoni nashr etgan, unda Yakushchenko avvalboshdanoq Ukraina qurolli kuchlariga taslim bo‘lishni xohlaganini aytadi. Ushbu videodan parchalar Yakushchenkoning «qatli» videosiga montaj qilib qo‘shilgan.

Rolikning asosiy qismi sun’iy yorug‘lik bilan yoritilgan yerto‘lada suratga olingan. Unda kamuflyajdagi Yakushchenko devor yonida o‘tirgani, uning boshiga beton bloklari bog‘lab qo‘yilgani aks etgan. Uning ortida esa kuvalda tutgan noma’lum shaxs turadi.

Videoda Yakushchenko «frontning oldingi chizig‘ida bo‘lganida» u bu urush uning urushi emasligini tushunganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Dnipro shahridagi ko‘chalardan birida yurganida boshidan zarba yegan va ko‘zini ochganda video olingan yerto‘lada uyg‘ongan.

«Menga meni sud qilishlarini aytishdi», degan Yakushchenko. Shundan so‘ng orqada turgan noma’lum shaxs uning boshiga kuvalda bilan uradi. Ushbu lahza videoda tasvirlangan. Xira tasvirda Yakushchenko zarbadan polga yiqilgani, jallod esa uni urishni to‘xtatmaganini ko‘rish mumkin.