Toshkentda 10 fevraldan boshlab Qo‘yliqdan qatnovchi bir qancha avtobus va yo‘nalishli taksilar qatnovi Food city savdo majmuasigacha uzaytirildi.
Bunga Farg‘ona yo‘li ko‘chasini Bektemir shossesi bilan bog‘lovchi yo‘l o‘tkazgich qurilishi va yo‘l-ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sabab ekani aytildi.
Natijada 5 ta avtobus va 10 ta yo‘nalishli taksida jamoat transportining yo‘li salkam 6 kmga uzayib, savdo majmuasining avtoshohbekatigacha bormoqda.

Bu – Bektemir tumanida yashovchilar uchun noqulayliklar tug‘dirayotgani aytilmoqda. Facebook'dagi “Potrebitel.uz” kanaliga joylangan post egasining aytishicha, odamlar ishga borish uchun avtobuslarni 1 soatgacha ham kutishmoqda.
“Bektemir tumani hokimiga piyodalar yo‘laklari, yo‘llar uchun katta rahmat aytmoqchiman, shuningdek, barcha transportlarni Qo‘yliqdan Food city'gacha olib borganlari uchun ham alohida tashakkur. Endi ishga borish uchun mikroavtobus yoki avtobusni bir soat kutishga to‘g‘ri kelyapti. 1 soat kutgan bo‘lsang, ana endi unga chiqishga urin.
Piyodalar yo‘laklari alohida masala, ular shunchaki olib tashlandi va hozir undan armatura chiqib turadigan va har yomg‘irda suv bilan to‘ladigan chuqurlik qolgan. Hokim gavjum transportda, shunday piyodalar yo‘laklarida yurishini, qo‘shimchasiga ustiga avtomobillar suv sachratib ketishini istardim”, – degan u.

“Qo‘yliq-1, 4 dahalaridan bizga eng kerakli bo‘lgan 93-yo‘nalishli taksi olib tashlandi. Hammasi “Jrat Siti”ga olib borildi…” – deb yozadi yana bir foydalanuvchi.










