Lev Stupnikovning nomi 2025-yil sentabrida jamoatçilikka maʼlum bölgandi. Öşanda ukrainalik videobloger Dmitriy Karpenkoga bergan intervyusida Stupnikov şunga iqror bölgandi: u Rossiya armiyasi zobiti bölgan holda Ukraina qurolli kuçlari uçun işlab, yarim yildan ortiq vaqt mobaynida öz quroldoşlarini zarbalarga nişon qilib kelgan. RT u tufayli 200 dan ortiq rossiyalik harbiy halok bölganini maʼlum qilgan. Çeçenlar bu vaqtga kelib front çiziğini kesib ötgan va «Rus köngillilari korpusi» safida jang qilişni boşlagan Stupnikovga ov eʼlon qilişgan. The Wall Street Journal Stupnikov, uning oilasi va u tutgan yöl haqida hikoya qildi.

Lev Stupnikov 26 yoşda. U Qozoğistonda tuğilgan. Bolaligida otasi oilani taşlab ketgan. Onasi Tatyana Yansen Lev va uning singlisi Alisani yolğiz katta qilgan. Tatyana vatandoşlarni köçiriş dasturi böyiça Rossiyaga köçib ötadi va Omskka kelib joylaşadi, bu vaqtda uning öğli ösmir yoşida edi. Bu yerda Stupnikov kadetlar korpusiga kiradi, keyinroq esa Aloqaçilar harbiy akademiyasida öqiş uçun Sankt-Peterburgga boradi. Öquv jarayoni beş yil – 2018-yildan 2023-yilga qadar davom etadi.

2021-yilda Lev özi sevgan qiz Lizaga uylanadi va harbiy karyeradan voz keçiş haqida öylay boşlaydi. Ammo Rossiya va Ukraina örtasida boşlanib ketgan katta uruş barçasini özgartirib yuboradi. Stupnikov Rossiya qöşni mamlakat hududiga bostirib kirganidan larzaga tuşgandi. 2023-yil yozida u akademiyani leytenant maqomida bitiradi va bazasi Baykal orti ölkasida bölgan 36-gvardiya motoöqçilar brigadasiga biriktiriladi. Ammo uning Ukrainadagi uruşga safarbar qilinişi vaqt masalasi edi va bu 2023-yil noyabrida röy beradi.

Uning onasi Tatyana Yansenning ham Rossiya hukumatidan hafsalasi pir bölgandi. Uning uruş boşlanişidan şokka tuşişi Levda bölgan holatdan kam emasdi. U harbiy propaganda taʼsiriga tuşmasligi uçun qizi Alisani maktabdan oladi, şuningdek, öğlini harbiy xizmatdan böşatiş uçun huquq faollaridan maslahat söraydi. Huquq faollari Belarus va Armaniston orqali qoçişni taşkil etişni maslahat qilişadi. Tatyana frontga yuborilişidan oldin öğli Moskvada töxtab ötişidan xabardor edi. U öğlini Qozoğistonga uçuvçi samolyotga ötirib, qarindoşlarnikida yaşirinişga undaydi. U esa juda xavfliligi tufayli bu rejani rad etadi.

2024-yil fevralida, öğli frontga yuborilganidan uç oy ötganida, Tatyana Dmitriy Karpenko bilan aloqaga çiqadi. U ukrainalik dasturçi va bloger bölib, yutubda rossiyalik asirlar va qoçqinlar bilan intervyularni eʼlon qilar, şuningdek, Ukraina qurolli kuçlari bilan hamkorlik uçun pul taklif qilardi. Tatyana undan öğlining dezertirlik qilişida yordam berişni söraydi. Lev onasi uşbu bloger bilan aloqaga çiqqanidan xabar topgaç, uning roliklarini körib çiqadi, keyin esa WhatsApp orqali uning öziga yozadi. U hamkorlik qilişga va taslim bölişga tayyorligini bildiradi. Şu bilan birga, pul mukofotidan voz keçadi.