16 fevral kuni Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisi o‘tkazildi. Unda “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimida olib borilgan o‘rganish natijalari haqida axborot berildi.

Ma’lum qilinishicha, ko‘llar tizimining suv hajmi 2006 yilda 42,1 mlrd metr kubni tashkil etgan. So‘nggi yillarda iqlimning o‘zgarishi va tashqi suv manbalaridan tashlanayotgan chuchuk suv miqdori ayrim yillarda kamayishi va boshqa qator omillar sabab, ko‘llar tizimidagi suvning sathi 2 metrgacha pasayib, suv hajmi 36,8 mlrd metr kubga tushgan. Shuningdek, suvning minerallashuv darajasi oshgan. 

Suv sathining pasayishi natijasida qirg‘oq bo‘ylari 15-50 metrga chekinib, 15-20 smgacha, ba’zi joylarda undan ham ko‘proq tuz qatlami hosil bo‘lgan. Buning oqibatlari ko‘llar va ularning atrofidagi ekotizimdagi o‘zgarishlarda, shu jumladan suvli-botqoqli hududlarning o‘ziga xos flora va faunasi kamayib borishida namoyon bo‘lmoqda. 

Aydarko‘lga har yili qishlash uchun yanvar-mart oylarida 400ga yaqin, shulardan 13 turdagi xalqaro va 24 turdagi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qushlar uchib kelgan. Ko‘l va ko‘l atrofidagi ekotizim o‘zgarishi bu qushlarning ham migratsiya yo‘llarini o‘zgartirishi va yo‘qolib ketishiga olib kelishi mumkin.

Aydar-Arnasoy” ko‘llaridan unumli foydalanish va uni asrab-avaylash borasida Hukumatning tegishli qarori asosida ishlar tashkil etilmoqda. Jumladan, «O‘zdaverloyiha» davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan Jizzax va Navoiy viloyatlarining ko‘llar tizimiga tutash hududlari xatlovdan o‘tkazilgan. Suvni muhofaza qilish mintaqalari bo‘yicha dastlabki elektron xarita yaratilgan.

Jizzax viloyati hududida turizmni rivojlantirish bo‘yicha 11 ta loyiha ishga tushirilib, ichki turizm obektlari tomonidan 15 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ o‘zlashtirilgan.

Shuningdek, hududda 2022 yilning bahor mavsumida 200 gektar himoya o‘rmonzorlari barpo etilib, 2 km masofada chorvachilik bilan shug‘ullanishni cheklash bo‘yicha “Ekopatrul” tizimi tomonidan nazorat o‘rnatilgan.

Ko‘llar tizimi suv hajmini saqlab turish maqsadida Mirzacho‘l kollektorining nazorat punktida “aqlli suv” qurilmasi o‘rnatilib, suv hisobi olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Nazorat ishlari natijasida 2022 yil davomida ko‘llar tizimi 1 mlrd 918 mln metr kub ichki kollektor-drenaj suvlari bilan to‘yintirilgan