Kolonna yakson etilgani aks etgan kadrlar Rossiya tarafidagi blogerlar va harbiy ekspertlarning tanqidlariga sabab bo‘ldi. Ularning ayrimlari buni Rossiya armiyasining Ukrainadagi urush boshidan buyon eng yirik mag‘lubiyatlaridan biri deb atagan va 2022 yil may oyida Shimoliy Don daryosi kechuvidan o‘tish vaqtidagi jang bilan taqqoslagan. O‘shanda Rossiya qo‘shini daryoni kechib o‘tishga bir necha bor urinish chog‘ida shaxsiy tarkib va texnikada katta yo‘qotishlarga uchragandi.

Shu bilan birga, videoda aks etgan texnikalarning barchasi bir kunning o‘zida yo‘q qilinganini tasdiqlovchi ishonchli ma’lumot yo‘q: kadrlarda nafaqat tanklar va jangovar piyodalar mashinalari zarbaga uchrayotgani, balki shunchaki turgan mashinalar ham aks etgan, nazariy jihatdan ular bungacha ham jang maydonida turgan bo‘lishi mumkin. 31 ta texnika yo‘q qilingani haqidagi ma’lumot ham rolikni tahlil qilish orqali olingan, ammo bu kadrlar bir kunda olingani va bir necha tasvirlar montaj qilinmaganiga yuz foizlik kafolat yo‘q.

Shunga qaramay, rossiyalik harbiy blogerlar bu voqealar chindan ham bir kunda ro‘y berganini ta’kidlab, buni aynan «jang» deb atashgan.

Ukrainlar droni obektiviga tushib qolgan jang Vuhledar uchun katta yurishning bir epizodi bo‘lgan. Bu shahar Donetsk oblasti janubida joylashgan. Rossiya qo‘shini qo‘shni mamlakatga bostirib kirilgan ilk kunlardan beri uni egallash uchun muvaffaqiyatsiz urinib kelmoqda.

Frontdagi hozirgi keskinlashuv davomida, buni ko‘pchilik Rossiyaning katta yurishi boshlanishi deb hisoblamoqda, Vuhledar hududi shiddatli janglar o‘choqlaridan biriga aylandi. Rossiya armiyasi Avdiyivka, Baxmut, Kreminna va Kupyansk hududlarida ham oldinga siljishga harakat qilmoqda.

Jang qachon va qayerda bo‘lgan?

Yanvar oyi oxirida Vuhledarni yana katta kuch bilan shturm qilish boshlangan. Ukraina dronlari kamerasi obektiviga tushib qolgan muvaffaqiyatsiz hujumdagi Rossiya armiyasining yo‘qotishlari ushbu jangdagi umumiy yo‘qotishlarning faqat bir qismidir.

Rossiyaparast telegram-kanallarning svodkalariga ko‘ra, bu shturmda 40-alohida dengiz piyodalari brigadasi, 155-dengiz piyodalari brigadasi (ikkisi ham Tinch okeani flotiga mansub), «DXR»ning «Kaskad» qurolli tuzilmasi va Baykalortidan 29-armiyaning 36-motoo‘qchilar brigadasi ishtirok etgan. Bundan tashqari, Conflict Intelligence Team loyihasi surishtiruviga ko‘ra, shturmga Bosh razvedka boshqarmasi (GRU) maxsus kuchlarining 14-brigadasi jalb etilgan.