Ayni paytda Toshkentdagi 4 ta: Alisher Navoiy, Beruniy, Amir Temur va Farg‘ona yo‘li ko‘chalariga avtobuslar uchun alohida yo‘lak qilingan va chiziqlar tortilib, katta harfda A harfi yotqizilgan. O‘tgan oy oxiridan mana shu yo‘laklardagi qoidabuzarlikni aniqlash va unga chora ko‘rish maqsadida Navoiy, Farg‘ona yo‘li va Amir Temur shohko‘chalariga 55 dona kuzatuv kameralari o‘rnatildi.
“Toshshahartransxizmat” AJning Kun.uzʼga bergan ma’lumotiga ko‘ra, 19 yanvardan boshlab, kameralar qoidabuzarlik sifatida qayd etgan holatlar tegishli qurilmalarda saqlana boshlangan.
Kamera 360 gradusli bo‘lib, u avtobus uchun ajratilgan maxsus yo‘lak va unga tortilgan 1.1 chizig‘ini kuzatadi. Agarda qaysidir avtomobil shu chiziqni bosib yo‘lakdan harakatlansa yoki u yerda to‘xtab turgani ko‘rinsa, holat YHXX xodimlariga kelib tushadi. Xodimlar bularni ko‘rib chiqib, haqiqatan qoidabuzarlik sodir etilganlariga protokol rasmiylashtiradi.



“Toshshahartransxizmat” vakilining aytishicha, kameralar to‘liq ishlab turgan bo‘lsa-da, tizim to‘laqonli ishga tushirilmagan. Qoidabuzarlarni jarimaga tortish tizimi YHXB bazasiga integratsiya qilinganidan keyin boshlanadi.
“Aniqlangan qoidabuzarliklar haqidagi ma’lumotlarni protokol tuzishlari uchun YHXBga yuborish imkoniyatiga egamiz, ammo hozircha bundan foydalanmayapmiz. Chunki odamlarimiz bu profilaktik choralar jamoat transporti jozibadorligini oshirish maqsadida qilinayotganini tushunib yetishlari kerak. Ayni vaqt avtobuslar ichiga ham avtomatlashtirilgan foto va videoga oluvchi qurilmalarni o‘rnatishni reja qilyapmiz. Bir qancha avtobuslar shunday kameralar bilan ta’minlanadi. Ular harakatlanayotgan vaqtda tizim avtomatik tarzda yo‘llardagi qoidabuzarliklarni aniqlaydi va o‘sha zahotiyoq YHXBning ma’lumotlar tizimiga yuboradi.


















