Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatning barcha sobiq prezidentlarini bir dasturxon atrofida yig‘ib suhbatlashganini aytib berdi. Asqar Akayev, Qurmanbek Bakiyev, Roza O‘tunboyeva, Almazbek Atambayev va Sooronbay Jyeenbekov amaldagi prezident ishtirokida uchrashuv o‘tkazgan.
«Men sobiq prezidentlarni bir dasturxonga atrofiga yig‘dim», deb yozdi Japarov o‘z sahifasida. Prezident matbuot kotibi Erbol Sultanbayev uchrashuv neytral hududda bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi.
«Biz hammani birlashtirgan holda xalqning kelajagi haqida o‘ylashimiz kerak», degan Japarov. U «dastlab xalq saylagan va oxiri ayanchli bo‘lgan barcha prezidentlarni yig‘sak, balki bir mushtdek birlashgan yagona xalq bo‘lib qolamiz», degan o‘y o‘zini uzoq vaqtdan beri qiynaganini aytgan. Uchrashuvda dasturxonga qirg‘iz milliy taomlari tortilgan.
Japarovning aytishicha, sobiq prezidentlar «bir musht bo‘lish» tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan, shuningdek, ular ham o‘z dardini gapirib, xatolarini tan olgan va bir-birini kechirgan.
Uchrashuv qayerda o‘tkazilgan?
Japarovning postidan keyin qirg‘izistonliklar uchrashuv qayerda o‘tgani haqida muhokamaga kirishdi. Chunki sobiq prezident Kurmanbek Bakiyev rasman qochqinda hisoblanadi va uning Qirg‘izistonga qaytganiga ishonish qiyin edi. Almazbek Atambayev esa Ispaniyaga davolanish uchun ketish oldidan Dubayda dam olayotgandi.
Ba’zi manbalar uchrashuv Dubayda o‘tganini yozdi va keyinchalik bu ma’lumot yaqinda qamoqdan ozod etilgan Almazbek Atambayev tomonidan tasdiqlandi. Atambayev uchrashuv haqida gapirar ekan, Japarov aytganiday birlikni saqlagan holda mamlakatda tinchlikni ta’minlash hamda Kurmanbek Bakiyevni Qirg‘izistonga qaytarish boshqa-boshqa narsalar ekanini aytdi.
«Inglizcha ketishga majbur bo‘ldim»
«Juda ko‘p qon to‘kildi, bo‘lmasligi kerak bo‘lgan juda ko‘p ishlar bo‘lib ketdi. Avvalo halok bo‘lganlarning yaqinlari kechirishi kerak. Umid qilaman, Sadir Japarov mening gaplarimni eshitib, to‘g‘ri qaror qabul qiladi», degan Atambayev.
Shuningdek, sobiq prezidentning aytishicha, uchrashuv oxirida shunday holat yuzaga kelganki, u hech kim bilan xayrlashmay «inglizchasiga» davradan turib chiqib ketgan. Gap nima haqida ekanini esa aytishni istamagan.
Sobiq prezidentning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda faqat Japarov hamda Qirg‘iziston Xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev bo‘ladi deb o‘ylagan va boshqa sobiq prezidentlar kelishini bilmagan. Ammo Atambayevning bu gapiga ishonish qiyin, chunki Qirg‘izistonda muammosiz bo‘la oladigan odamlar Dubayda uchrashishida mantiq yo‘q va uchrashuv neytral hududda o‘tishi uchun qochqindagi kimdir unda ishtirok etishi aniq edi. Bakiyev esa Qirg‘izistonga qaytishni o‘zi uchun xavfsiz deb hisoblamaydi.














