Parad vaqtida Shimoliy Koreya yetakchisi tribunada o‘zining odatiy joyini egallaganida, uning yonida kutilmaganda qora libosda bezangan qizi ham paydo bo‘ldi. Taxminlarga ko‘ra, bu Kim Ju E bo‘lib, u davlat rahbarining o‘rtancha qizi va u hozirda 10 yosh atrofida bo‘lishi mumkin.
Bu uning omma qarshisida beshinchi bor ko‘rinish berishi va bularning bari so‘nggi uch oy ichida ro‘y bergan.
Qisqa muddatda qizchaning imiji sezilarli darajada o‘zgardi. Shunchalikki, endi uni aynan Shimoliy Koreyaning keyingi yetakchisi bo‘lishga tayyorlashayotgani tobora oydinlashmoqda.
Birinchi bor u odamlar oldida o‘tgan yil noyabrida, qit’alararo harakatlanuvchi ballistik raketa sinovi vaqtida paydo bo‘lgandi. O‘shandayoq shunday spekulyatsiya yuzaga kelgandi: bu qizaloq kun kelib dunyodagi eng yopiq mamlakat rahbariga aylanmaydimi?
Ammo o‘sha vaqtda bunday taxminlar u qadar ishonchli ko‘rinmasdi.

Oq puxovik va qizil tufli kiygan, sochi orqaga o‘rilgan holatda u juda yosh ko‘rinardi. Bu suratga qarab uning qo‘lidan tutib olgan Kim Chen In shunchaki o‘zini namunali ota sifatida gavdalantirmoqchi ekanini taxmin qilish mumkin edi.
Ammo shundan keyin yosh Kim Ju E har safar o‘ziga ishonchi yuqori qiyofada paydo bo‘lardi.
Seshanba kuni kechqurun, parad arafasida u otasi bilan birga armiya qo‘mondonligi sharafiga uyushtirilgan banketga tashrif buyurdi. Bu safar u rasmiy qora kostyum va oq bluzka kiygan, sochlari esa tartib bilan orqaga taralgandi.
Shimoliy Koreya siyosatini kuzatib boruvchilarning ko‘pchiligida bu fotosuratlar katta taassurot qoldirdi. Suratlarning har birida Kim Ju E eng markazda, onasi va otasi o‘rtasida joylashgan, atrofda esa ularni bashang kiyingan yuqori martabali harbiylar qurshab turardi.

Yana bir intrigali lahza - rasmiy manbalarda qizning paydo bo‘lishini tavsiflash uchun tanlangan so‘zlardir.
Noyabr oyi boshida davlat nashrlari uni Kim Chen Inning «sevimli qizi» deb atashgandi. Seshanba kuni esa u endi «hurmatli» qizga aylandi, bu esa eng sharafli sifatlashlardan biri hisoblanadi.










