O‘zbekiston rahbari ko‘hna va betakror Misr zaminida O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Misr rahbariyati va xalqining ulkan yutuqlari O‘zbekistonni xursand qilayotganini aytdi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida yetakchilar ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar - Yangi O‘zbekiston strategiyasi va Misrning «Yangi Respublika» dasturi bir-biriga hamohang ekani, yangi ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar uyg‘unligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirdi.

«Biz prezident janoblari bilan ochiq, do‘stona va amaliy ruhda o‘tgan muloqotimiz davomida keng ko‘lamli hamkorligimizni rivojlantirishni muhokama qildik. Qarashlarimiz, yo‘nalishlarimiz birligini tasdiqladi.  Siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar, xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurashish sohalarida ko‘p qirrali aloqalarimizni kengaytirish masalalari bo‘yicha ham kelishib oldik. 

Tashrif doirasida gaz-kimyo, tekstil, elektrotexnika, farmatsevtika, zargarlik kabi istiqbolli sohalarda sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish har ikki tomon uchun ham birdek manfaatli bo‘lishini alohida qayd etdik. Mana shu fursatdan foydalanib, misrlik hamkorlarimizga o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishlari uchun yurtimizda barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanligimizni yana bir bor sizning yoningizda ham aytib o‘tmoqchiman.

Albatta, xalqlarimizni umumiy din, o‘xshash qadriyatlar va azaliy do‘stlik rishtalari chambarchas bog‘lab turadi. Bugun ikki birodar xalq o‘rtasidagi mushtarak ma’naviy rishtalarni qayta tiklayapmiz desak, haqiqat. Ko‘p masalalar bo‘yicha biz ilm-fan, ta’lim bo‘yicha juda katta muloqot qildik. Kelajakda ishlarimiz bardavom bo‘lishi uchun ham juda katta asos borligini yana bir marta ko‘rdik», dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Uchrashuvda davlat rahbarlari siyosiy maslahatlashuvlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalaridagi ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirish masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikda mavjud ulkan imkoniyatlar va salohiyat to‘liq ishga solinmayotgani alohida qayd etildi, shu munosabat bilan savdoni ko‘paytirish uchun amaliy mexanizmlar va samarali choralarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Birgalikda «yashil» energetika loyihalarini amalga oshirish, ikki davlatni bog‘lovchi maqbul transport yo‘nalishlarini ishlab chiqish, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.