07:48 / 03.03.2023
15460

O‘zbekiston va Rossiya gaz muzokaralarini davom ettirmoqda

O‘zbekiston avval reja qilingan taxminiy muddat – 1 martdan e’tiboran Rossiyadan gaz importini boshlamadi. Energetika vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, hali aniq kelishuvga erishilmagan va qo‘shimcha o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston va Rossiya gaz oldi-berdisi bo‘yicha hali bir to‘xtamga kelmagan. Shu sababli avval ko‘zda tutilganidek Rossiyadan O‘zbekistonga gaz yetkazish 1 martdan boshlanmadi.

Kun.uz'ning bu haqdagi so‘roviga javoban Energetika vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, har ikkala tomon ishchi guruhlari imzolangan yo‘l xaritasi doirasida o‘rganish ishlarini davom ettiryapti. Hozirgi kunda aniq kelishuvga erishilmagan.

“Shu sababli 1 martdan Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz import qilish boshlanmaydi. Bugungi kunda bu borada qo‘shimcha o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda”, – deyiladi vazirlik axborotida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Energetika vazirligi va “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida 24 yanvar kuni gaz sohasidagi hamkorlikka oid yo‘l xaritasi imzolagan edi. Unga ko‘ra, ikki tomon fevral oyi oxirigacha gaz yetkazib berishning texnik va moliyaviy tomonlarini muhokama qilishicha, agar kelishuvga erishilsa, tegishli shartnoma tuzilishi va 1 martdan e’tiboran “O‘rta Osiyo – Markaz” quvuri orqali reversiv tartibda gaz uzatish boshlanishi kerak edi.

Avvalroq bu muzokaralarda Rossiya gaz evaziga O‘zbekistonning gaz-transport tizimini “Gazprom”ga berishni so‘ragani, shunday talab Qozog‘iston oldiga ham qo‘yilgani ma’lum bo‘lgandi. Shuningdek, Moskva Markaziy Osiyodan Xitoyga gaz eksportini ham nazorat qilmoqchi bo‘layotgani aytilmoqda.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakat o‘z energiya tarmoqlarini “birovga berib yubormasligi”ni aytgan.

“Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda, o‘zimizning tarmoqlarni birovga berib yuborish yoki boshqa orqali emas, oldi-sotdi tijoriy shartnomalar asosida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti”, – degan vazir.

“Biz milliy manfaatlarimizni hech qachon xavf ostiga qo‘ymaymiz. Agarda siz aytayotgan choraga yo‘l qo‘yadigan bo‘lsak ham, faqatgina tijoriy oldi-sotdi shartnomalari orqali amalga oshiramiz. Buning evaziga biror siyosiy shart qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaymiz.

Agar gazni chegaramizgacha olib kelib, bizga ma’qul narxda bersa, olamiz, bo‘lmasa yo‘q”, – deya ta’kidlagan Mirzamahmudov.

Rossiyaning Markaziy Osiyoga gaz sotishga qiziqib qolishi Ukraina urushi fonida Yevropa rus energoresurslaridan yuz o‘girayotgan bir paytda ro‘y bermoqda. Moskva buning uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya ishtirokidagi uch tomonlama gaz ittifoqini tuzishni taklif qilyapti.

Top