6-7 mart kunlari Toshkentdagi Turon kutubxonasida “Jadidlarning ma’rifiy faoliyati: g‘oyalari, maqsadlari, vazifalari va Turkiston taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda.

Konferensiyada AQSh, Turkiya, Ozarboyjon, Rossiya, Qozog‘iston, Shvetsiya va Germaniya kabi mamlakatlarning nufuzli jadidshunos olimlari turli ma’ruzalari bilan ishtirok etyapti.

Kun.uz muxbiri Buxoro xalq sho‘ro jumhuriyatini boshqarib so‘ng qatag‘onga uchragan Fayzulla Xo‘jayevning jiyani, turkolog olim Temur Xo‘ja bilan jadidchilik harakatining ahamiyati haqida suhbatlashdi.

— Konferensiya davomidagi chiqishingizda bir paytlar tashkil etilgan Buxoro xalq sho‘ro jumhuriyatiga sovet so‘zini qo‘shib ishlatmaslik kerakligi haqida gapirdingiz. Mumkin bo‘lsa, shu fikrlaringizni kengroq tushuntirib bersangiz.

Temur Xo‘ja:

— 1920 yilda Buxoro amiri Kobulga qochib ketgach, jadidchilar 1 sentabrda Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati degan davlat tuzdi. Uning bayrog‘iga qarasangiz, arab harflari bilan «BXShJ» (بخشج), ya’ni Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati deb yozilgan. Bu yerda «sovet», «respublika» degan so‘zlar yo‘q, «sho‘ro» degani arabchada majlis degani va «sovet» so‘zi bilan bir xil. Ammo muhimi shundaki, u so‘zlar ishlatilmagan bu yerda. Buxoro davlati konstitutsiyasining 3-moddasida shunday deyiladi: «Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati o‘z chegaralari ichida mustaqil davlat hisoblanadi».

Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati tuzilganda, uni 5 ta davlat tan oldi. Birinchisi Rossiya sotsialistik sovet respublikasi, keyin Eron, Afg‘oniston, Anqara hukumati (Turkiya tuzilgani yo‘q edi), Angliya davlatlari bo‘lgan. Bu besh davlatga Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati elchi yuborgan. Turkiyaga elchi borganda, Otaturk mustaqillik uchun kurashayotgan edi. Elchilar Anqara hukumatiga Amir Temurdan qolgan 3 ta qilich beradi: birini Mustafo Kamol Otaturkka, ikkinchisini uning yordamchisi Ismat poshshoga, uchinchisini esa Izmirni greklardan olgan birinchi turk qo‘mondoniga beringlar, deyishgan. Va u qilich Izmirda Turkiya bayrog‘ini o‘rnatgan Sherafittin yuzboshiga berilgan. Amir Temur davriga tegishli Qur’oni Karim ham yuborilgan, u hozir Turkiya milliy kutubxonasida saqlanadi. Qilichlardan biri ham Anqaradagi muzeyda turibdi, «Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati sovg‘asi» deb yozib qo‘yilgan.