Jahon | 11:08 / 07.03.2023
5956
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyaning yangi N3 raketa tashuvchisi parvozi muvaffaqiyatsiz yakunlandi

JAXA ikkinchi bosqich dvigatelini ishga tushira olmay, Tanegasima kosmodromidan havoga ko‘tarilgan H3 raketasiga o‘zini yo‘q qilishni buyurdi. Bu - ikkinchi muvaffaqiyatsiz urinish. 

Foto: NYT

Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA) 7 mart, seshanba kuni yangi og‘ir toifadagi H3 raketa tashuvchisini uchirilganidan ko‘p o‘tmay yo‘q qilishga buyruq berdi. JAXA agentlikning YouTube kanalidagi jonli efirda ikkinchi bosqich dvigateli ishga tushmaganidan keyin shunday qaror qabul qilinganini bildirdi.

Uchirish Tokio vaqti bilan soat 10:37 da (Toshkent vaqti bilan 06:37) mamlakat janubi-g‘arbidagi Kagosima prefekturasi Tanegasima kosmodromidan amalga oshirildi. Raketa tabiiy ofatlarni kuzatish uchun mo‘ljallangan Yerni masofadan zondlashga ixtisoslashgan ALOS-3 optik sun’iy yo‘ldoshini quyosh bilan sinxron orbitaga olib chiqishi kerak edi. Biroq, agentlik mutaxassislari muvaffaqiyatli missiyaga erishish mumkin emasligini tushungan.
 
Bu N3 raketa tashuvchisini uchirish bo‘yicha ikkinchi muvaffaqiyatsiz urinishdir. JAXA xabariga ko‘ra, birinchi urinish – 17 fevralda – birinchi bosqich yon kuchaytirgich dvigatellari ishlamay qolgani sababli uchirishdan bir necha soniya oldin bekor qilingan. Dastlab, uchirish 2020 yilda o‘tishi rejalashtirilgan edi, biroq texnik nosozliklar va noqulay ob-havo sharoiti tufayli u bir necha bor qoldirildi. 

Mavzuga oid