Yolg‘iz onani ikki farzandini halol luqma bilan boqish, yig‘ilib qolgan qarzlardan qutulish umidi Surxondaryo viloyatidan Toshkentga yetaklab kelgan. Biroq bu u o‘ylaganchalik oson kechmagan.

«Kelgan paytim qish edi. Toshkentda kunlik ishlarda, bozorlarda ishlab pul topsa bo‘lar, deb o‘ylaganman. Ammo ha deganda ish topolmaganman. E’lonlarni ko‘rib, qayerda ish bor deyilsa, axtarib ko‘chama-ko‘cha yurganman sovuqda. Boradigan, yotadigan joyim yo‘q edi. Supermarketlarda isinardim. Kafelarda idish-tovoq yuvganman. Qo‘yliq bozorida yuk tashuvchi bo‘lib bir yil ishladim. 50 kg yuk ko‘tarardim, farzandlaringiz bo‘lsa, og‘ir-yengilligi ko‘rinmas ekan. Qishda sovuq suvda limon yuvardim», — deya xotirlaydi o‘tgan kunlarini Shahzoda Mengliboyeva.

Kranchi bo‘lib ishlashni tavsiya qilishganida bu ish bozordagi og‘ir mehnatdan charchagan ayol uchun ancha yengil ko‘ringan. Ammo 52,5 metrlik kranga chiqish u o‘ylaganchalik oson bo‘lib chiqmadi. O‘shanda atrofdagilar ishonchi haybatli temir texnika qarshisidagi qo‘rquvdan kuchli kelgandi.

«Ishlab ketishim xayolimda bo‘lmagan. Odatda kranga chiqayotganda o‘rtada to‘xtab dam olinadi, men esa yana narvonga qaytib chiqolmayman, deb 47 metr balandlikka dam olmasdan chiqqanman. Birinchi, ikkinchi kunlari o‘zlari olib chiqib o‘rgatishgan. Uchinchi kundan o‘zim chiqqanman. Ustozim qattiqqo‘l edi, 100 litrlik bochkaga suv oldirib, uy tomidagi belgiga qo‘ydirardi. Ozgina xato qilsam, 3 marta qaytadan qildirardi», — deydi u.

Shahzoda boshqaruvidagi kran 10 tonnagacha yukni ko‘tarishga mo‘ljallangan. Qahramonimiz ishining mas’uliyatini doim his qilishini ta’kidlaydi.

«Kran boshqarayotganda, yuk iluvchining gapidan boshqa narsani o‘ylamaslik kerak. Chalg‘ishga haqqimiz yo‘q. Chunki yukni qo‘yguncha odamlarning yonidan o‘tamiz, yomon oqibatlari bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kran ishida xato qilib bo‘lmaydi. Iluvchimiz ratsiyada bizga ko‘rinmaydigan joylarni aytib turadi. Yuk iluvchi odamsiz ishlamaymiz, uning roli katta jarayonda. Endi ishga kirgan paytlarimda sekin ishlardim, gap eshitib qolardim. Azbaroyi ehtiyot bo‘lishga harakat qilardim. Ishlayotganimga 3 yil bo‘lyapti. Shu paytgacha xato qilmaganman, lekin baribir ayol kishida qo‘rquv bo‘ladi»,  —